Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi hamda Bo‘zatov tuman bo‘limi tomonidan qasddan aliment to‘lamay yashirinib yurgan qarzdorlarni topish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Joriy yilning yanvar oyida olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida uch nafar farzandini moddiy ta’minlashdan qochib yurgan qarzdor ota ushlandi. Fuqarolik ishlar bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2022 yildagi qaroriga asosan undiruvchi B.D.ning uch nafar voyaga yetmagan farzandi uchun qarzdor P.Q. har oy topgan daromadidan ½ miqdorida aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati byuroning Bo‘zatov tuman bo‘limi ish yurituviga olingan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Lekin, olib borilgan ijro harakatlari, tushuntirish va ogohlantirishlarga qaramay qarzdor ota voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment pullarini qasddan to‘lamay kelgan. Buning oqibatida qarzdorlik 44,2 million so‘mga yetgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qarzdor P.Q. topilib, unga nisbatan Jinoyat ishlar bo‘yicha Kegeyli tuman sudi tomonidan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.