Qonunchilik palatasining faoliyati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi

299

O‘tgan yil mamlakatimiz siyosiy hayotida, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarda “Inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasi asosida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarni yanada taraqqiy ettirish, bu borada huquqiy asoslarni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar samarali amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz tarixida birinchi marta umumxalq referendumi orqali, ya’ni bevosita xalqimiz tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari, Qonunchilik palatasi qo‘mitalari hamda Konstitutsiyaviy komissiya faol ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan quyi palataning 2023 yildagi faoliyati xususidagi masalada ayni jihatlarga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilovning axborot berishicha, Konstitutsiya bilan mamlakatda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat hokimiyatini tashkil etishning samarali yangi modeli joriy qilindi.

Muddatidan oldin o‘tkazilgan Prezident saylovi jarayonlarida deputatlar korpusi ham faol qatnashdi. Xususan, quyi palata deputatlari saylovga bag‘ishlangan tadbirlarda, shuningdek, mahallalarda bo‘lib, o‘z siyosiy partiyalaridan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan aholini yaqindan tanishtirdilar.

O‘tgan yili mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan taraqqiyotimizning fundamental asoslarini o‘zida mujassam etgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etila boshlandi. Ayni paytda ushbu hujjatda belgilangan 100 ta maqsad doirasida barcha sohalardagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qonunchilik palatasining o‘tgan davrdagi faoliyatida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalarni hayotga izchil tatbiq etish, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, Qonunchilik palatasini shakllantirishning yangi tartibi, ya’ni majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etildi.

O‘tgan yilda Qonunchilik palatasi tomonidan davlat va jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarning huquqiy asoslarini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, aholiga yengilliklar yaratishga qaratilgan bir qator muhim qonunlar qabul qilindi.

Deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilib, qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun bilan Bolalar ombudsmanining huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va kafolatlari tartibga solindi.

Mamlakatimizda yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda olib borilayotgan tizimli islohotlar Qonunchilik palatasi faoliyatiga ham yangicha ma’no-mazmun olib kirdi. Deputatlarning qonunlar sifatiga bo‘lgan talabi kuchaydi. Shundan kelib chiqib, deputatlar korpusi faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash, qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, parlamentarizm muammolarini, xorijiy tajribani chuqur o‘rganish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida Parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi.

2023 yilda palata tomonidan qabul qilingan qonunlar soni avvalgi yillarga qaraganda bir muncha ko‘paygani qayd etildi. Masalan, 2022 yilda qabul qilinib, Senatga yuborilgan qonunlar soni 88 tani tashkil etgan bo‘lsa, yakunlangan yilda 100 ta qonun (jami 131 ta qonun loyihasini o‘z ichiga olgan) qabul qilinib, ma’qullash uchun yuqori palataga jo‘natilgan.

Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat prinsipidan kelib chiqib, fuqarolarga pensiyaga chiqishda davlat xizmatlari markazi orqali yoki yagona interaktiv portal orqali ham murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Pensiyaning eng kam miqdori belgilangan eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligi, pensiyalar miqdorini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi belgilandi.

Deputatlar korpusi tomonidan jamiyat va davlat hayotining muhim sohalarini nazorat qilish, xususan, byudjetni tasdiqlash va uning ijrosini ko‘rib chiqish, Hukumat, jumladan, vazirliklar va idoralarning hisobotlarini eshitish, qonunlarning joylardagi ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganib borishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ayni maqsadlarda Hukumat a’zolari va davlat organlari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan 20 marta axboroti eshitilgan (“parlament eshituvi”). Ularda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish, suv xo‘jaligini rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalar sohasini taraqqiy ettirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish kabi jamiyat hayotidagi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Jamiyatda dolzarb bo‘lib turgan tizimli masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan mansabdor shaxslarga 15 ta parlament so‘rovi, 134 ta deputat so‘rovi yuborilgan. Mazkur so‘rovlar natijasida aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash, qoidabuzarlik uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylarida saqlash, maktablarda qo‘shimcha o‘quvchi o‘rnini yaratish hamda maktablarning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash bilan bog‘liq aholini o‘ylantirib kelayotgan bir qator dolzarb masalalarni hal etish choralari ko‘rilgan.

Shuningdek, Hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish bo‘yicha 8 marotaba “Hukumat soati” o‘tkazilgan.

Ularda Hukumat a’zolari aholi bandligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetik barqarorlikni ta’minlash, transport xizmati ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish kabi jamiyatdagi dolzarb masalalar yuzasidan deputatlarning savollariga javob bergan.

Hisobot davrida qo‘mitalar tomonidan 177 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazilgan. Jumladan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi, “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi va boshqa bir qator qonunlarning hududlardagi ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganilgan.

Parlament nazoratining bu kabi ta’sirchan shakllaridan unumli foydalanilgani ijro hokimiyati organlarining xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashga xizmat qildi.

Deputatlar faoliyatini asosan joylarda olib borishga, aholi bilan doimiy muloqot qilishga, qo‘mitalarning nazorat-tahlil tadbirlarini ko‘proq hududlarda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilgan. Xalq vakillari har oy oxirgi haftasida o‘z saylov okruglariga chiqib, aholi va saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni tizimli ravishda o‘rganish hamda ko‘tarilgan muammolarni parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda hal etishga ustuvor ahamiyat berdi.

Deputatlar tomonidan jami 5 ming 336 ta xonadonga tashrif buyurilib, 4 ming 191 ta uchrashuv o‘tkazilgan.

Qonunchilik palatasining faoliyati sarhisobi tanqidiy nuqtai nazaridan muhokama etildi.

Qonunchilik tashabbusi huquqi hamda deputat so‘rovi institutidan samarali foydalanilmayotgani, siyosiy partiya fraksiyalarida qonun tashabbusi kam ekani, qonun loyihalari muhokamalari jarayonida qo‘mitalar tomonidan ekspertlar, ilmiy muassasalar vakillarining yetarlicha jalb etilmayotgani alohida tanqid qilindi.

Shuningdek, quyi palataning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali yalpi majlislar to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilayotgan bo‘lsa-da, qo‘mitalar, fraksiyalar faoliyati, muhokama qilinayotgan masalalar, bahs-munozaralarning jamoatchilikka yetkazilishida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani tanqid ostiga olindi.

Majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, qo‘mitalar raislari o‘z munosabatlarini bildirdi. Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, 2024 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi muhokamasida deputatlarning faol ishtirok etishi hamda unda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi ish-rejasini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘z partiyalari bilan hamkorlikda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishga qaratilgan ma’rifiy-tarbiyaviy tadbirlarni ko‘proq o‘tkazishlari maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bilan, qo‘mitalar esa mahalliy Kengashlardagi doimiy komissiyalar bilan hamkorlikda hududlarda investitsiyalarni jalb etish, eksportni ko‘paytirish borasidagi ishlar ustidan nazoratni kuchaytirishlari alohida qayd etildi.

Qonunchilik palatasining 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi masala yuzasidan kechgan qizg‘in muhokamalar yakunida Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zA