“Bundan arzonini topa olmaysiz”… Tadbirkorlar shunday reklamadan foydalanishi mumkinmi?

292

Huquqiy munosabat

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish taqiqlanadi. Jumladan, raqobatchini obro‘sizlantirish, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin emas.

Bu haqda “BUSINESS LAWYERS GROUP” advokatlik firmasi advokati Muxriddin Shamsiddinov batafsil ma’lumot berdi.

– “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning maqsadi tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonunga ko‘ra, raqobatchining ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan, u sotuvga taklif qilayotgan tovarning sifati va iste’mol xossalari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlarni berish ham man etiladi.

Shuningdek, mazkur tovarni tayyorlash hamda undan foydalanish usullari va sharoitlari haqida, undan foydalanishdan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida, tovarning muayyan maqsadlarga yaroqliligi haqida, tovarni sotuvga taklif etish shartlari, shu jumladan uning narxi to‘g‘risida yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatish ham mumkin emas.

Shu bilan birga, noto‘g‘ri taqqoslash, jumladan, raqobatchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi so‘zlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda foydalanib taqqoslash taqiqlanadi.

Tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi va sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish, tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni, shu jumladan fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish hamda tovar yoki moliya bozoriga raqobatchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektning kirishiga to‘sqinlik qilishga yoki uni bozordan chetlashtirishga olib keluvchi harakatlarni sodir etish ham qonunga xilof hisoblanadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA