Parijda o‘tkaziladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari davomida xavfsizlikni ta’minlash uchun 20 ming harbiy xizmatchi safarbar qilinadi. Bu haqda Fransiya armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Per Chil matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Harbiylarning asosiy vazifasi, jumladan, Olimpiya mash’alasini kuzatib borish, tantanali ochilish va yopilish marosimi o‘tadigan Parijdagi Sena daryosi atrofida jamoat tartibini saqlash hisoblanadi.
Bundan tashqari turli manzillarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga o‘n minglab politsiyachi va xususiy xavfsizlik xodimi jalb etilishi rejalashtirilgan.
Per Chil bildirishicha, yuzaga kelish ehtimoli mavjud turli ko‘ngilsiz vaziyatlarning oldini olish maqsadida armiya qo‘shinlari kiritilshi mumkin.
To‘rt yillik o‘yinlar davomida mamlakat armiyasi uchuvchisiz, qiruvchi-bombardimonchi, havoda yonilg‘i quyish va snayper uchoqlardan ham foydalanish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, yozgi Olimpiya o‘yinlari 26 iyul-11 avgust, Paralimpiada esa 28 avgust-8 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA