“Yevropaga strategik mustaqillik kerak”, dedi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron. Uning ta’kidlashicha, dunyoning parchalanib ketishiga hamda xalqaro inqirozlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun Yevropaga strategik mustaqillik kerak.

“Suverenitet hamkorlik va alyanslardan voz kechish degani emas”, degan u Davos anjumanida so‘zga chiqib.

*** 

Yevropada NATO birlashgan kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni general Filipp Bridlav g‘arbni Ukrainaning Qrimga zarba berishiga yordamlashishga chaqirdi.

“Hill” nashrining yozishicha, sobiq qo‘mondon “agar biz Ukrainaning Qrimga zarba berishiga yordam bersak, Rossiya yarim oroldagi pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi”, degan.

*** 

Ekvador hukumati  jinoyatchilikka  qarshi o‘tkazilgan keng ko‘lamli harbiy amaliyot paytida qariyb ikki ming kishini hibsga oldi. Ularning 150 nafari terrorizmda ayblanmoqda, deyiladi mamlakat prezidenti ma’muriyati tarqatgan xabarda.

*** 

Yaponiyada joriy yil uchun adabiyot bo‘yicha eng nufuzli “Akutagava” mukofotini  olgan 33 yoshli Rie Kudan mukofotga loyiq ko‘rilgan romanining taxminan 5 foizi sun’iy intellekt orqali  yaratilganini tan oldi.

“Mazkur roman sun’iy intellekt texnologiyasi yordamida yozildi, matnlar ChatGPT  orqali yaratildi. Ijodimni yanada ko‘proq rivojlantirish uchun kelgusida ham ushbu texnologiyadan foydalanishni istardim”, degan muallif.

*** 

Iordaniya Suriyaning janubiga aviazarbalar berdi. Natijada 11 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan, deb xabar tarqatdi “RIA Novosti” nashri. Xabarda aytilishicha, avizarbalar chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi berilgan.

*** 

Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul  shtatida kuchli dovul tufayli milliondan ortiq odam elektr ta’minotidan uzilib qoldi, deb yozmoqda “G1” portali hudud qutqaruvchilari bergan ma’lumotga tayanib.

“Tabiiy ofat 1 kishining o‘limiga va 12 kishining jarohatlanishiga sabab bo‘lgan, turar-joylar va ko‘plab ob’ektlar vayron bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

*** 

AQSH prezidenti Jo Bayden kongress yetakchilarini Ukrainaga yordam berish masalasi paysalga solinayotgani Amerika, NATO va “erkin dunyo” xavfsizligiga tahdid soladi, deb ogohlantirdi.

Oq uy ma’muriyatining ma’lum qilishicha, seshanba kuni u respublikachilar va demokratlar partiyasi fraksiyalari rahbarlarini, vakillar palatasi senatning tegishli qo‘mitalari vakillarini  yoniga chaqirib, Kiyev uchun 61 milliard dollarlik navbatdagi yordamni ma’qullashni so‘ragan.

*** 

“Fransiya 2024 yil davomida har oyda Ukrainaga 50 tadan “AASM” aviabombasini yetkazib beradi”, dedi mamlakat mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu “France Inter” radiostansiyasi efirida chiqish qilib.

Bundan avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Ukrainaga 40 ta “Scalp” raketasini va’da qilgan edi

*** 

Finlyandiya prezidentligiga nomzod Aleksandr Stub “Yle” telekanalida chiqish qilib “Rossiya urushda allaqachon yutqazgan”, dedi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina hali ham mustaqil davlat hisoblanadi va YeI a’zoligiga qabul qilinadi.

“Ukraina – mustaqil davlat, u o‘zini mudofaa qila oladi, yaqin kelajakda YeI a’zosi bo‘ladi, G‘arb uni qo‘llab-quvvatlaydi, qachondir NATOga qo‘shiladi. Rossiya Ukrainani o‘ziniki qilmoqchi edi, biroq u Yevropaniki bo‘ldi. Yevropa parchalanib ketishi kerak edi, lekin u qattiqroq birlashdi. Shu bois Rossiya urushda yutqazdi”, – dedi u.

*** 

Argentinaning yangi hukumati BRIKS taklifini rad etdi. Rasmiy Buenos-Ayres fikricha, birlashma iqtisodiy maqsadlarga emas, balki siyosiy maqsadlarga xizmat qiladi, dedi Argentina tashqi ishlar vaziri Diana Mondino Davos xalqaro anjumanida.

***

IRNA axborot agentligining yozishicha, Eron Rossiyaga hech qachon dron yetkazib bermagan, shuningdek, Ukrainaga raketalar ham sotmagan, dedi Eron tashqi ishlar vaziri Xusayn Amir Abdullaxian Davos anjumanida.

“Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziriga aytganman va Eron raketalari va dronlari Kiyevga qarshi ishlatilayotgan bo‘lsa dalil keltirishini so‘raganman”, degan Eron diplomati.

Saidmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA