Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi

304

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov ishtirokida Xitoy va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqot jarayonida ikki mamlakat o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlash istiqbollari, shuningdek, energiya jihatidan tejamkor va ekologik toza binolar qurish hamda maishiy va qattiq chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar muhokama qilindi.

Mutaxassislar havo ifloslanishining oldini olish, xalqaro ekologik standartlarni belgilash, raqamlashtirish tizimini keng joriy etish, XXR tajribasini o‘rganish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mexanizmlarni ishlab chiqish muhimligini qayd etdi.

Bundan tashqari, cho‘l hududlarini obodonlashtirish, ko‘chat ekish bo‘yicha fermer xo‘jaliklarini tashkil qilish, shahar tizimida innovatsion texnologiyalarni o‘rnatish va oqova suvlarni tozalash bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston hukumati tomonidan turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Tomonlar “yashil” loyihalar milliy taksonomiyasini rivojlantirish istiqbollari, “Yashil jamg‘arma” tashkil etish, shuningdek, ekologik toza iqtisodiy o‘sishni yanada rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni ko‘rib chiqdi.

Loyihalarni boshqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, jarayonlarni yanada yaxshilash uchun iqlim o‘zgarishini yumshatish va monitoring hamda baholash tizimlari sohasida institutsional salohiyat ortgani ta’kidlandi.

 

Muhayyo  Toshqorayeva,  

O‘zA