O‘zbekiston va Qatar stol tennisi federatsiyalari o‘zaro hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘ymoqda. Har ikki mamlakat milliy federatsiyalari rasmiylari Doha shahrida o‘tgan uchrashuvda yangi rejalarini rasmiylashtirib, hamkorlik memorandumiga imzo chekdi.
Uchrashuvda Qatar stol tennisi federatsiyasi, shuningdek, Osiyo stol tennisi ittifoqi prezidenti Halil al-Mohannadi va O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Saidov ishtirok etdi. Tomonlar o‘zaro suhbat davomida terma jamoalar o‘rtasida uzoq muddatli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish kabi yo‘nalishlarni muhokama qildi.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda Qatarda stol tennisi olamida ham yirik turnirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, 2025 yil Doha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Uchrashuv davomida, Halil al-Mohannadi mamlakatimizda stol tennisi ommaviyligini oshirish borasida o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi. Shuningdek, terma jamoamizga Xitoy va Janubiy Koreyadan tajribali murabbiylarni jalb qilish haqida so‘z yuritildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA