Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jomart Toqayev rasmiy tashrif bilan Italiya poytaxtiga bordi. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmatiga tayanib “Kazinform” xabar berdi.
Rim aeroportida Qozog‘iston yetakchisini Italiya mudofaa vaziri Gvido Krozetto va Rim papasi vakili Franchesko Kanalini kutib oldi.
–Qosim-Jomart Toqayev Italiya prezidenti Serjio Mattarella va Bosh vazir Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shu kuni davlat rahbari “Qozog‘iston – Italiya” sarmoyaviy davra suhbatida ishtirok etadi va bir qator Italiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, – deyiladi xabarda.
Qozog‘iston rahbari 19 yanvar kuni Vatikanda Rim papasi Fransisk bilan ko‘rishadi.