Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Tata Steel Chess-2024” xalqaro turnirining ortda qolgan 4-tur o‘yinlaridan keyin niderlandiyalik Anish Giri 3,5 ochko bilan peshqadamga aylanib oldi.
Kecha o‘tgan 4-tur bahsida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firuzjaga qarshi dona surdi.
Murosasiz kechgan o‘yinning 30-yurishida tomonlar uchrashuvda 0,5 ochkodan bo‘lishib oldi. Ushbu natijadan so‘ng Abdusattorov 2,5 ochko jamg‘argan holda Praggnanandhaa, Nepomnyashiy va I Vey bilan 3-6-o‘rinlarni egallab turibdi. Nodirbek bilan murosa yo‘lini tanlagan Firuzja esa 3 ochko bilan turnir jadvalining 2-pog‘onasida bormoqda.
Ortda qolgan tur o‘yinlarida 4 ta durang va 3 ta g‘alaba holati qayd etildi. Bugun, 17 yanvar kuni “Tata Steel Chess-2024” xalqaro turniri ishtirokchilari uchun dam olish kuni etib belgilangan.
Ertaga, 18 yanvar kuni tashkil etiladigan 5-tur uchrashuvida Nodirbek Abdusattorov xitoylik I Vey bilan ro‘baro‘ keladi. Shuningdek, Venszyun Szyu – Alireza Firuzja, Vidit Gujrati – Maks Varmerdam, Aleksandr Donchenko – Yorden van Forest, Gukesh – Yan Nepomnyashiy, Praggnanandhaa – Anish Giri, Parxam Magsudlu – Din Lijen uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA