Hozirda butun dunyoda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha harakatlar bo‘lmoqda. Ko‘pgina mamlakatlar ayollar huquqlarini erkaklarnikiga tenglashtirish bo‘yicha qator qonunlar qabul qilmoqda. Shunga qaramay, bu borada ko‘pgina davlatlarda ahvol murakkabligicha qolayotgani aytiladi. So‘nggi paytlarda ayrim jamiyatlarda ushbu masala anchayin bilinib qolyapti. Bunga yaqinda Ispaniyada olib borilgan tadqiqot natijalari, aniqrog‘i, Ijtimoiy tadqiqotlar markazi (CIS)  dushanba kuni e’lon qilan ma’lumotlar ham guvohlik bermoqda.

Unda keltirilishicha, ispan erkaklarining 44 foizdan ko‘prog‘i “gender tengligi shu qadar chuqurlashib ketdiki, natijada endi erkaklarning o‘zi ko‘proq kamsitilmoqda”, degan fikrni bildirgan.

“Bu fikrga ayollarning ham 32,5 foizi qo‘shilgan. Biroq ularning 65,5 foizi ushbu fikrni noto‘g‘ri demoqda”, -deyiladi markaz tarqatgan matbuot xabarnomasida.

CIS ushbu tadqiqotlarni noyabr oyida yoshi 18 dan yuqori bo‘lgan 4 ming kishi orasida o‘tkazganini ma’lum qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, gender tengligini ta’minlash haqida gap ketar  ekan, uning  ming yillar davomida qaror topgan ustunlar va qadriyatlarga qanday ta’sir etishi ham ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ispaniyada olib borilgan tahlillar faqat ushbu mamlakat manzarasini ko‘rsatyaptimi yoki qisman bo‘lsada g‘arb mamlakatlariga tegishlimi, bu savol hozircha ochiq qolmoqda.

 

S.Rahimov tayyorladi, O‘zA