BMT donor davlatlarni 2024 yilda Ukrainadagi mojaro qurbonlari va ukrainalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 4,2 milliard dollar yordam berishga chaqirdi.

BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi va tashkilotning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi Jenevadagi ofisda matbuot anjumani o‘tkazdi. Yig‘ilishda BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Martin Griffits va BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.

Griffitsning ta’kidlashicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va migratsiya oqimi kuchaygan mojaroga  kelasi oy roppa-rosa ikki yil to‘ladi.

Unga ko‘ra, Ukrainada 14,6 million kishi (mamlakat aholisining 40 foizi) gumanitar yordamga muhtoj. Mamlakatda to‘rt million kishi ichki ko‘chirilgan. Ukrainaning frontga yaqin hududlarida 3,3 million ukrainalik istiqomat qiladi, ular har kuni otishma xavfi ostida qolishmoqda.

“Biz doimo dunyoning barcha burchaklari uchun insonparvarlik yordamini rejalashtiramiz. Biz taqdim etgan har bir reja butun yilni qamrab oladi. Ya’ni, agar to‘satdan mo‘’jiza ro‘y bersa va mojaro tugasa, biz ukrain xalqidan keyin eng baxtli odamlar bo‘lamiz va biz Ukrainani tiklash uchun mablag‘ni yo‘naltiramiz”, dedi Griffits.

O‘zA