Kuni kecha Ekvador qurolli kuchlari hamda milliy politsiya mamlakatda bo‘lib o‘tgan tartibsizliklardan keyin 329 jinoyatchini hibsga olib, 5 jinoyatchi yo‘q qilingani haqida bayonot berdi.

Mamlakat qurolli kuchlari birlashgan qo‘mondonligi rahbari Xayme Vela Erasoning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, hukumat kuchlari 61 to‘rtta qurol va 418 ta turli o‘lchamdagi o‘q-dorilar, 24 ta portlovchi qurilmalarni musodara qilgan, 329 nafar terrorchi hibsga olingan, 41 kishi asirlikdan ozod etilgan, besh terrorchi yo‘q qilingan.

Uning ta’kidlashicha, harbiy xizmatchilar va politsiyachilar uch marotaba qurolli guruhlar bilan yuzma-yuz bo‘lgan, qochqinda yurgan 28 mahbus qaytadan  qo‘lga olingan.

Prezident Daniel Noboa 8 yanvarda mamlakatda 60 kunlik favqulodda vaziyat rejimini e’lon qildi. Bu vaqtda mamlakat qurolli kuchlari barcha qamoqxonalarda tartib o‘rnatishi kerak.

Shuningdek, Prezident Noboa mamlakatda ichki qurolli mojaro haqida e’lon qilib, armiyaga o‘n minglab a’zolari bo‘lgan 22 ta jinoyaiy guruhni zararsizlantirish haqida buyruq berdi.

“Mamlakat so‘nggi kunlarda boshdan kechirayotgan ichki qurolli mojaroda g‘alaba qozonadi, deb bayonot berdi Ekvador prezidenti Daniel Noboa.

Ekvador avvallari mintaqadagi eng tinch mamlakat hisoblanardi, biroq  2018 yildan boshlab zo‘rovonliklar to‘lqini avj oldi. Bunga sabab Ekvador kokain tranzitining muhim nuqtasiga aylangani bo‘ldi. Jinoiy guruhlar esa norkatrafik va qamoqxonalarni nazoratga olish uchun o‘zaro raqobat qilmoqda. Turmada kechgan urushlarda yuzlab maxbuslar qurbon bo‘ldi.

2023 yilda mamlakatdagi saylovlar jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyat juda og‘irlashgan bir sharoitda bo‘lib o‘tdi. Prezident saylovining birinchi bosqichiga ikki hafta qolganida nomzod  Fernando Vilyavisensio o‘ldirib ketildi. Qolgan nomzodlar ham jinoyatchilikning turli ko‘rinishlari bilan yuzma-yuz keldi. Ular o‘tkazayotgan mitinglar yaqinida otishmalar uyushtirildi. Natijada nomzodlar saylovoldi kampaniyalarini muddatidan avval to‘xtatishga majbur bo‘lishdi, yakuniy mitinglarda esa zirhli nimchalar kiyib saylovchilar qarshisiga chiqishga to‘g‘ri keldi.

The Washington Post” gazetasining yozishicha, jinoyatchilikka barham berish amaliyoti prezident Deniel Noboa siyosiy dasturiga asoslangan. Qolaversa,  2023 yil dekabrda Ekvadorning xavfsizlik xizmatidan yigirmadan ziyod mansabdor shaxslar va bir qator sudyalar narkokorchalonlar manfaati uchun faoliyat olib borganlikda ayblanib, qamoqqa olingan edi.

2024 yil 8 yanvar kuni tunda Kito va Kevedo shahridan to‘rt nafar politsiyachi o‘g‘irlab ketildi.

2024 yil 9 yanvarda Ekvador  prezidenti Daniel Noboa Ekvador hududida ichki qurolli mojaro to‘g‘risida farmonni imzoladi. Shundan keyin bir necha turmalarda isyon ko‘tarildi. Shahar ko‘chalarida qo‘lbola yasalgan bombalar portlatildi. Bir guruh qurollangan kishilar “TC Televisión” telekompaniyasining  bosh ofisiga bostirib kirdi. Bosqinchilar studiyada turgan barcha xodimni garovga olgandi.

Ayni paytda Ekvadordagi xorijiy elchixonalar jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi va ichki qurolli mojaro e’lon qilinishi fonida o‘z mamlakati fuqarolarini Ekvadorga kelishdan tiyilishni qat’iy tavsiya etmoqda.

Peru hukumati esa Ekvador va Kolumbiya bilan chegaradosh hududlarida 60 kunlik favqulodda holat rejimini e’lon qildi.

 

S.Rahimov, 

O‘zA