Butan davlatida milliy parlament saylovlarining so‘nggi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu siyosiy jarayonda ko‘tariladigan asosiy mavzu iqtisodiy masala bo‘lib turibdi.

Xitoy va Hindiston o‘rtasida joylashgan ushbu kichik davlat 2008 yildan keyin demokratik jamiyat qurishga qadam qo‘ydi. Ayni paytda mamlakatda 800 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Yarim millionga yaqin saylovchilar noyabr oyidagi dastlabki turda g‘alaba qozongan ikki siyosiy partiya – Butan Tendrel partiyasi va Xalq demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan 94 nomzod orasidan parlament yoki Milliy assambleyaning 47 a’zosini tanlash huquqiga ega.

Ikki partiya ham o‘z saylov dasturlarida asosan iqtisodiyotga e’tibor qaratib, 3 milliard AQSH dollarlik iqtisodiy natijaga erishishni va’da bermoqda.

COVID-19 pandemiyasidan keyin mamlakat iqtisodiyotining asosiy qismi turizmga tayanib qolganligi aytiladi.