Dunyodagi birinchi to‘liq avtonom restoran 2024 yil boshida Kaliforniyada ochiladi. Barcha ishlab chiqarish jarayonlari sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi.

Bunday restoranni ochish g‘oyasi bir vaqtning o‘zida Amerikaning uchta kompaniyasi – “Cali Group”, “Miso Robotics”va “PopID”ga tegishli. “Cali Group” restoran va chakana biznesga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga ixtisoslashgan.

“Miso Robotics” kompaniyasi sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan dunyodagi birinchi robot stansiyasi “Flippy”ni yaratdi. “PopID” kompaniyasi biometrik ma’lumotlardan foydalangan holda kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha yechimlarni taklif qilmoqda, deya xabar bermoqda xorijiy axborot manbaalari.

Restoran “Flippy” tomonidan “Cali Express” deb nomlanadi va u AQSHning Kaliforniya shtatidagi Pasadena markazida joylashadi. Mazkur restoran amerikancha tez tayyorlanadigan taomlarni tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘ladi. Hozircha menyuda faqat uch turdagi burger, kartoshka va salat mavjud.

Robot-oshpazlar jamoasi maxsus yozilgan dastur yordamida boshqariladi. Buyurtmani o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kiosklari yordamida joylashtirishingiz mumkin. Siz shunchaki “PopID” hisobini oldindan yaratishingiz kerak. Buyurtma berishda kiosk tashrif buyuruvchilarga avvalgi tashriflari tarixiga asoslanib tavsiyalar beradi.

Restaratorlar “Cali Express”dagi taomlar narxi raqobatchilarnikidan past bo‘lishini va mahsulot sifati yuqori bo‘lishini va’da qilmoqda

G.Sattorova, O‘zA