Joriy yilning 12-21 yanvar kunlari Avstraliyaning Adelaida shahrida velosport bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon kubogining ilk bosqichida mamlakatimiz vakillari ham ishtirok etadi.
Jahon kubogida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston ayollar velosport terma jamoasining asosini tashkil etuvchi “Tashkent City“ velosport klubi 2024 yilgi jahon kubogining ilk bosqichi bo‘lgan ”Santos Tour Down Under Womenʼs World Tour“ turnirida ishtirok etish maqsadida Avstraliyaga yo‘l oldi.
Musobaqa nizomiga muvofiq ayollar o‘rtasida jami 16 ta klub ishtirok etadigan bellashuvlar 12-14 yanvar kunlari o‘tkaziladi. Bahslarda Olga Zabelinskaya, Yanina Kuskova, Madina Qahhorova, Margarita Misyurina, Sofiya Karimova, Nafosat Koziyevadan iborat “Tashkent City“ klubi sportchilari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlar uch bosqichdan iborat bo‘lib, dastlabki kunda velosportchilar 93,9 km., ikkinchi kunda 104,2 km., yakuniy bosqichda esa 93,4 km. masofali poygalarda kuch sinashadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA