14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligi arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida barpo etilayotgan yangi “Nukus city” mavzesidagi 16 qavatli uylardagi xonadonlar Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining harbiy xizmatchilari va harbiy pensionerlari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida tantanali tarzda foydalanishga topshirildi.

Yangi xonadon kalitlarini oilalarga topshirish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari  Rasul Zarikeyev, shahar hokimligi va kuch tuzilmalari vakillari, Nukus harbiy prokuraturasi rahbariyati, harbiy xizmatchilar oilalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Nukus shahrida “Jeke terek” mahalla fuqarolar yig‘inida qurilgan 16 qavatli binolardan harbiy xizmatchilarga ham imtiyozli ipoteka krediti asosida berilishi Vatan himoyachilariga o‘zgacha bayram tuhfasi bo‘lgani e’tirof etildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur mavzeda hozir 5 ta 16 qavatli uylar qurilgan bo‘lib, ular xalqimizga imtiyozli kreditlar asosida taqdim etilmoqda. Joriy yilda 30 nafar Mudofaa vazirligi hamda 30 nafar Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchisi 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayramini yangi xonadonlarda kutib oladigan bo‘ldi.

Yangi xonadon egalariga kalitlar tantanali tarzda topshirildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari