Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi rahbariyati va mas’ul xodimlarining shaxsiy tarkib bilan o‘tkazgan navbatdagi profilaktik uchrashuvi bojxona xodimlarining korrupsiya illatiga qo‘l urmasligi, ta’magirlik va poraxo‘rlik illatlaridan saqlanishi, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda bojxona organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xodimlarning ijtimoiy himoyasi yo‘lida yaratilayotgan sharoitlar, ularga taqdim etilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil to‘xtalib, faqatgina halol mehnat bilan vijdonan xizmat qilib bildirilgan ishonchni oqlashimiz lozimligi yana bir bor uqtirildi.
Ta’kidlash joizki, millat zavoli, jamiyat yemiruvchisi hisoblanmish korrupsiya illati har qanday zamonda ham qoralanib kelingan. U jamiyat rivojiga bolta urib, xalqning adolat va go‘zal kelajakka bo‘lgan ishonchini yo‘qqa chiqaradi.
Boshqarma xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish jarayonida ta’magirlik, poraxo‘rlik, xizmat va mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlar hamda boshqa salbiy qonunbuzilishi holatlari sodir etilishining oldini olish bo‘yicha shaxsiy tarkib o‘rtasida o‘tgan yil boshidan jami 4 marotaba umumiy profilaktik yig‘ilish o‘tkazildi. Xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida xodimlarning hushyorligini oshirish maqsadida shu davr mobaynida 3 marotaba xufyona tekshiruvlar o‘tkazildi.
Bu kabi profilaktik tadbirlarning o‘tkazilishi tizim xodimlarining o‘z xizmat vazifalariga vijdonan yondashib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishiga hamda bojxona sohasining korrupsiyadan xoli tizimga aylanishiga zamin yaratadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri