Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Quvnoq startlar” musobaqasi o‘tkazildi.

Jami 5 ta shartdan iborat bo‘lgan chaqqonlik, epchillik va kuchlilik sinovida ishtirokchilar o‘z mahoratini namoyish etishdi. Musobaqa yakunida jismoniy madaniyat fakulteti birinchi, kimyo-texnologiya fakulteti ikkinchi, qurilish fakulteti jamoasi uchinchi o‘rinlarni egalladi.

G‘olib jamoalarga oliy o‘quv yurti rektorati hamda kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri