Janubiy Koreyaning Kangvon hududida o‘tadigan IV o‘smirlar qishki Olimpiya o‘yinlarining boshlanishiga 14 kun qoldi.

70 dan ziyod davlatning 1800 nafar sportchisi ishtirok etishi kutilayotgan mazkur qishki Olimpiya o‘yinlarida ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi mamlakatimiz sharafini himoya qilishi belgilangan.

Ayni kunlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Sabina Rejepova va Rauan Raimqulov murabbiyi Safar Egamberdiyev boshchiligida Koreyada o‘tkazilayotgan “Dream Program-2024″ loyihasi asosidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashmoqda.

Qishki Olimpiya o‘yinlariga qadar davom etadigan mazkur mashg‘ulotlardan keyin hamyurtlarimiz Olimpiada bahslariga kirishadi.

Kuni kecha O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi sportchilarimizning qishki Olimpiya o‘yinlaridagi musobaqalar dasturini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, sportchilarimiz 21 yanvar kuni o‘tadigan supergigant dasturi bilan Olimpiadadagi ishtirokini boshlaydi. Shundan so‘ng 22 yanvarda supergigant va slalomdan iborat kombinatsiya bahslarida omadini sinab ko‘rsa, 23 yanvar kuni Sabina Rejepova (gigant slalom), 24 yanvarda Rauan Raimqulov (gigant slalom) musobaqalarda harakatlanadi.

O‘zbekiston sportchilari qishki Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini 25 yanvar kuni tashkil etiladigan slalom bahslari bilan yakunlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 19 yanvar -2 fevral kunlari bo‘ladigan IV o‘smirlar qishki Olimpiya o‘yinlarida sportchilar 15 ta sport turining 81 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA.