Argentina hukumati Folklend (Malvin) orolini Buyuk Britaniyadan qaytarib olish niyatida va ushbu masalada muzokara o‘tkazishga tayyor, deyiladi mazkur mamlakat tashqi ishlar vazirligi saytida berilgan xabarda.
“Argentina hukumati va xalqi 191 yil avval Buyuk Britaniya tomonidan noqonuniy bosib olingan Folklend, Janubiy Jorjiya, Janubiy Sandvich orollari va ularga tutashhududlarda o‘z suvereniteti qayta tiklash istagida. Hukumat ushbu masalada Bosh assambleyaning tegishli rezolyutsiyasiga binoan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildiradi”, — deyiladi bayonotda.
Argentinaning yangi saylangan prezidenti Xaver Miley saylovoldi kampaniyasida Folklend orolini qaytarib olish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Bu borada u diplomatik yechim imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga va’da bergandi. Bunga javoban, Buyuk Britaniya mazkur masalaga qaytish rejasi yo‘qligini aytgan.
Argentina bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida Folklend oroli ustidan suverenitet bo‘yicha azaliy bahs davom etib kelmoqda. 1982 yilda ikki mamlakat o‘rtasida bir necha haftalik urush kelib chiqqan edi va urush Argentinaning mag‘lubiyati bilan yakunlangandi.
2013 yilda orolda referendum bo‘lib o‘tdi, natijada mahalliy aholining aksariyat qismi orol Britaniyaning dengiz orti hududi maqomida qolishini yoqlab ovoz berdi. Argentina hukumati o‘shanda ovoz berish natijalari ushbu mamlakatning orolga bo‘lgan da’vosini o‘zgartira olmaydi, deb bayonot bergandi.