Hozirgi vaqtda dunyoda kamida 2,2 milliard odam ko‘rish qobiliyatidan aziyat chekmoqda, ulardan 43 milliondan ortig‘i umuman ko‘rmaydi.

Brayl alifbosi ko‘zi ojiz insonlar uchun muloqot vositasi bo‘lib, ta’lim, jismoniy mashqlar amaliyotida katta ahamiyatga ega.

Ko‘zi ojizlar alifbosi yaratuvchisi fransiyalik Lui Brayl (1809-1852) bo‘lib, har yili u tug‘ilgan sanada ya’ni,4 yanvar kuni butun dunyoda Butunjahon Brayl alifbosi kuni sifatida nishonlanib kelinadi.

1809 yilda Fransiyaning Kure shahrida tug‘ilgan L.Brayl uch yoshida baxtsiz hodisa tufayli ko‘r bo‘lib qoldi. Uning ajoyib xotirasi unga maktabda o‘qish imkoniyatini berdi va 1819 yilda Parijdagi ko‘r bolalar qirollik institutida o‘qishni davom ettirdi. Bu yerda u Valentin Gauyning relef chiziqli tizimi yordamida grammatika va boshqa fanlarni o‘zlashtirdi.

1828 yilda institutni tugatgan Lui Brayl u yerda geografiya, algebra, so‘ngra musiqadan dars bera boshladi. Shu bilan birga, u Parij cherkovida organchi bo‘lib ishladi. 1829 yilda uning “Nuqtalar yordamida so‘z, musiqa va qo‘shiq yozish usuli” asari Parijda alohida risola sifatida nashr etildi.

Brayl alifbo va raqamli belgilarning teginish vositasi bo‘lib, barcha harflar va raqamlarni, hatto musiqiy, matematik va ilmiy belgilarni yetkazish uchun oltita nuqtadan foydalanadi. Olti nuqta taxminan olti millimetr balandlikda, nuqta orasidagi masofa ikki millimetrga teng. Tizim 64 ta mumkin bo‘lgan kombinatsiyani taqdim etadi. Bitta olti nuqta bitta belgiga mos keladi.

1837 yilda Brayl alifbosida “Fransiya tarixi” deb nomlangan birinchi kitob nashr etildi. 1838 yilda esa ko‘zi ojizlar uchun arifmetika darsligi nashr etildi. 1850 yilda Parij ko‘zi ojiz bolalar institutida o‘quvchilarning savodxonlik o‘quv dasturiga Brayl tizimi rasman kiritildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Brayl alifbosi dunyoning ko‘plab tillariga moslashtirilgan, unda dunyoning turli mamlakatlarida minglab kitoblar nashr etilgan. Zamonaviy texnologiyalar rivojiga qaramay, Brayl alifbosi ko‘zi ojizlar uchun savodxonlikning asosi bo‘lib qolmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA