O‘zbekiston Respublikasi “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi qonunining 45-moddasida ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar, shu jumladan, ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari tomonidan ichimlik suvini transportda yetkazib berish uchun tariflarni qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqish belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining yaqinda bo‘lib o‘tgan qirq yettinchi sessiyasida deputatlar tomonidan ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilib, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflarga bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan edi.
Tariflarga kiritilgan ushbu o‘zgartirishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Dauletiyarov, “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Q.Xalmuratov va boshqalar so‘zga chiqib, so‘nggi uch yil mobaynida yonilg‘i-moylash materiallari 2,1 barobarga, zararsizlantiriruvchi reagent materiallari 1,5 barobarga, ob’ektlerni qo‘riqlash xizmati 1,7 barobarga, avariya xizmatlarini bartaraf etishga sarflanadigan materiallar 1,5 barobarga va ish haqi 1,2 barobarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 sentyabrdagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yil 1 oktyabrdan boshlab elektr energiyasi tariflari 2 barobarga, tabiiy gaz tariflari 2,3 barobarga oshishi ichimlik suvi tannarxining yanada oshishiga olib kelganligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, respublikada mavjud 7013,1 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ining 107 kilometr oralig‘idagi quvurlar, 277 suv inshootidan 82 tasi, 66 ta oqova suv ob’ektining 21 tasi eskirgani va rekonstruksiya ishlariga muhtojligi qayd etildi. Jamiyatga tegishli avtotransport hamda mexanizmlar bugungi kun talabiga javob bermaydi. Shuning natijasida Jamiyat o‘tgan yilning 9 oyini 20 milliard 127 million so‘m zarar bilan yakunladi.
Shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, Jamiyat jamoasi aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlashda astoydil mehnat qilmoqda.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati markaziy laboratoriyasi hamda suv taqsimlash inshooti faoliyati bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari