FOTOREPORTAJ

Mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga qaratilayotgan e’tibor samarasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida ham xususiy korxonalar safi tobora ortmoqda. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limida jami mingdan ortiq korxona a’zolikka qabul qilingan bo‘lib, fuqarolar bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, ayollar hamda ishsiz yoshlar maxsus tadbirkorlik kurslarida o‘qitilib, keyinchalik o‘z bandligini ta’minlashi va xususiy korxonalar tashkil etishi uchun imtiyozli kredit va subsidiya mablag‘larini olishida yaqindan yordam ko‘rsatilmoqda.

Tuman markazida yashovchi fuqaro Gulxumor Eshmuratova ham ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, “Talisman Textil” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilgan. Tikuv sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va jihozlash uchun tadbirkorga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi yordami bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining loyihasi asosida 100 million so‘m grant mablag‘i ajratib berilgan. 10 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlangan ushbu korxonada hozirda buyurtma asosida turli xildagi liboslar, pardalar va uy-ro‘zg‘orda foydalaniladigan buyumlar tayyorlanmoqda.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA