Tokioning Xaneda aeroportida sohil qo‘riqlash samolyoti bilan to‘qnashib ketgan “Japan Airlines” yo‘lovchi samolyoti yonib ketdi. Samolyot bortida bo‘lganlarning barchasi evakuatsiya qilingan, biroq sohil xavfsizlik xizmati samolyotidagi besh kishi halok bo‘lgan.
Yong‘inni o‘chirishga 70dan ortiq o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan. Xabar qilinishicha, qirg‘oq qo‘riqlash samolyoti zilziladan jabr ko‘rgan Yaponiya g‘arbiga yordam va jihozlar yetkazib berish uchun havoga ko‘tarilishga tayyorlanayotgan bo‘lgan.
Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida milliy televideniye orqali chiqishida, kechagi zilziladan jabr ko‘rgan odamlarga yordam bermoqchi bo‘lgan qirg‘oq qo‘riqlash samolyotining olti ekipaj a’zosidan besh nafari halok bo‘lganini tasdiqladi.
Xaneda aeroporti Yaponiya poytaxtidagi ikkita xalqaro aeroportdan biridir. Aeroport yo‘lovchi tashish hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi.