Dunyo xalqlari yangi yilni qanday kutib olgani haqida “Arab yangiliklari” (Arab news) nashri ma’lum qilishicha, Avstraliyada 1 milliondan ortiq odam Sidney opera teatri va Xarbor ko‘prigi atrofida to‘planib, mushakbozlik namoyishini tomosha qildi.
Nyu-Yorkdagi “Tayms skver”da o‘n minglab odamlar shod-hurramlik bilan 2024 yil kirib kelganini nishonladi. Politsiyachilardan iborat kichik armiya shahar xavfsizligini ta’minlash uchun xizmatda bo‘ldi.
Fransiya bo‘ylab katta olomon osmon va inshootlardagi yorqin ranglar shousini tomosha qilgan bo‘lsa, Gretsiyada Afina aholisi Akropol kabi mashhur joylarda ajoyib mushakbozlikning shohidi bo‘lishdi.
Dubay mushakbozlik sahnining uzunligi bo‘yicha rekord o‘rnatdi, mushaklar dengiz sohili bo‘ylab 50 chaqirimgacha cho‘zildi..
Xitoy yangi yilni nisbatan xotirjam nishonladi, aksariyat yirik shaharlarda xavfsizlik va ifloslanish xavotirlari tufayli mushakbozlik bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, Pekinda rang-barang liboslarda odamlar yig‘ilib, bayramona kayfiyatda tilaklar bitilgan sharlarni osmonga uchirdi.
Tayvan poytaxtida odamlar ko‘tarinki kayfiyatda bambuk shaklidagi Taybey 101 osmono‘par binosida chiroqlar namoyishi, shuningdek, mamlakat bo‘ylab konsertlar va boshka tadbirlarning ishtirokchisi bo‘lishdi.
Hindistonda Mumbayning moliyaviy markazidan minglab dam oluvchilar Arab dengizi ustida quyosh botishini tomosha qilgan bo‘lsa, Yangi Dehlidagi mushakbozliklar 2024 yilning birinchi tongida havo sifati yomonligi bilan mashhur bo‘lgan poytaxtni zaxarli tuman xavotirini kuchaytirdi.
Yaponiya bo‘ylab odamlar Tokiodagi Tsukiji ibodatxonasi kabi go‘shalarda to‘planib, katta qo‘ng‘iroqni chalish uchun navbatda turganlarida bepul issiq sut va makkajo‘xori sho‘rvasi ta’minlandi.
Rio-de-Janeyroning Kopakabana sohilida 2 millionga yaqin odam12 daqiqalik feyerverkni tomosha qilish uchun yengil yomg‘ir ostida to‘plandi.
Vatikanda Rim papasi Fransisk 2023 yilni urush azoblari bilan esda qolgan yil deb atadi. An’anaviy yakshanba kuni avliyo Pyotr maydoniga qaragan derazadan fotiha qilar ekan, u “charchagan ukrain xalqi, Falastin
va Isroil aholisi, Sudan xalqi va boshqa ko‘plab odamlar” uchun ibodat qildi.
Rossiyada Ukrainadagi jangovar harakatlar tufayli yil yakuni tantanalariga o‘tgan yilgidek Qizil maydonda mushakbozlik namoyishi va konsert bekor qilindi.
Tel-Avivdagi osmono‘par binolar 80 kundan ortiq G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilishga chaqiriq sifatida sariq rangda yoritildi.
G‘azo sektorida ko‘chirilgan falastinliklar vaqtinchalik qochqinlar lageridagi gulxan atrofida bayram shukuhidan mosuvo holda to‘planishdi.
Iroqda o‘zgacha ramzlar bilan bezatilgan archa Bag‘dod markazidagi Ozodlik yodgorligi yoniga o‘rnatildi. Ko‘plab nasroniylar bu yil G‘azo sektori bilan birdamlik uchun bayramni bekor qilib, vaqtlarini ibodat va marosimlar bilan cheklashga qaror qildi.
Aksariyat musulmonlar yashaydigan Pokistonda hukumat falastinliklar bilan birdamlik uchun barcha Yangi yil bayramlarini taqiqladi.
Germaniya hukumati yangi yil arafasida dunyoga mashxur Kyoln sobori kabi me’moriy obidalar va shahar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘plab huquq-tartibot xodimlari xizmatini yo‘lga qo‘ydi.
M.Pirmatova, O‘zA