O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni yanada oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalariga o‘tish, o‘simliklar himoyasi bo‘yicha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy laboratoriyalar barpo etish, fermerlarni o‘qitish kabi tadbirlarni rag‘batlantirishning ta’sirchan mexanizmini joriy etish maqsadida:

1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchi (ijarachi)lar tomonidan paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlar uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2022-2023 yillarda sinov tariqasida rag‘batlantirishning quyidagi mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

tuproq unumdorligini oshirish va eroziyadan muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirganlik uchun soliq imtiyozlari berish;

tasdiqlangan yer tuzish hujjatlariga muvofiq qishloq xo‘jaligi yerlarini tiklash, qayta foydalanishga kiritish va yangidan o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligi yerlarini rekultivatsiyalash va melioratsiyalash tadbirlarini bajarish uchun subsidiyalar ajratish va yer solig‘idan qisman ozod etish.

2. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2022-2023 yillarda sinov tariqasida:

a) tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni va sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etish hamda o‘simliklar himoyasi bo‘yicha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish va zamonaviy laboratoriyalarni barpo etish, shuningdek, dehqonchilik sohasidagi yangiliklar va ilg‘or tajribalar bo‘yicha fermerlarni o‘qitish uchun yerdan foydalanuvchi (jumladan, klaster)larga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har bir gektar maydonga bir million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Bunda:

paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70 foizi ajratiladi;

subsidiyaning qolgan 30 foiz qismi hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan o‘rtacha 15 foizga oshirilib, Davlat statistika qo‘mitasiniнг tahliliy ma’lumotlarida o‘z aksini topganda, o‘tkazib beriladi;

b) paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirganlik uchun soliq imtiyozlari tuproq bonitirovkasi tahlili natijalari bo‘yicha tuproq unumdorligi oshgan yerdan foydalanuvchilarga tatbiq etiladi. Bunda:

yerdan foydalanuvchilar uchun yer uchastkasi tuprog‘i bonitet bali amaldagi bonitet ballga nisbatan 3 ballgacha oshgan hollarda yer solig‘i stavkasi 25 foizga, 3 ball va undan oshgan hollarda 50 foizga kamaytiriladi;

yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar uch yil muddatga amal qiladi.

3. Quyidagilar:

2022-2023 yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatini yaxshilash uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan o‘tkaziladigan tumanlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalariga o‘tishda amalga oshiriladigan ilmiy asoslangan tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun subsidiya ajratish tartibini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda:

qishloq xo‘jaligida yer munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ tomonidan tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha tadbirlarni rag‘batlantirish to‘g‘risida murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladigan hujjatlar;

paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun subsidiya ajratiladigan yerdan foydalanuvchilar ro‘yxatini shakllantirish tartibi;

Davlat byudjetidan subsidiya ajratiladigan yer uchastkasi maydonini aniqlash hamda subsidiya miqdorini hisoblash va taqdim etish muddati;

paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha bajariladigan tadbirlar rejasini ishlab chiqish va uni tasdiqlash tartibi nazarda tutilsin.

5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur qarorning 1-ilovasiga asosan subsidiya ajratiladigan tumanlar bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan mas’ullar va muddatlarni aniq belgilagan holda har bir tuman uchun alohida “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2023 yil 15 dekabrga qadar mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq sinov tariqasida subsidiya ajratilgan tumanlarda paxta xomashyosini yetishtirish natijalarini tahlil qilib, mazkur tajribani respublikaning boshqa tumanlarida joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

7. Hisob palatasi (B.T.Turabov) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bilan birgalikda mazkur qaror doirasida Davlat byudjeti hisobidan mablag‘larning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin hamda har yarim yilda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.

8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, moliya vaziri T.A.Ishmetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                    Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 25 mart