Joriy yilning 9-25 fevral kunlari Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida XXIII qishki Olimpiya o‘yinlari boshlanadi.
Unda dunyoning 90 davlatidan 6.500 nafardan ortiq sportchi 15 ta qishki sport turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun raqobatlashadi. Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini figurali uchish bahslarida Misha Ge va tog‘ chang‘isi bo‘yicha Komiljon To‘xtayevlar himoya qiladi.
Bugun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan delegatsiyamiz a’zolarini kuzatish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Qosimov, bosh kotibi J.Matjonov so‘zga chiqib, XXIII qishki Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimizga omad yor bo‘lishini va nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishlariga tilak bildirdi.
Shuningdek, mazkur Olimpiadaning ochilish marosimida Komil To‘xtayev O‘zbekiston bayroqdori bo‘lishi haqida e’lon qilindi.
– Menga Vatanimiz bayrog‘ini ko‘tarishdek, sharafli vazifani ishonib topshirilganidan xursandman, Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etishga bor kuch-g‘ayratim bilan harakat qilaman, – deydi K.To‘xtayev. Umid qilamanki, o‘zimga bildirilayotgan ishonchi oqlayman.
XXIII qishki Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz bilan bir qatorda figurali uchish bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam Saodat Numanova, 8-18 mart kunlari o‘tkaziladigan qishki Paralimpiya o‘yinlarida Yoqutxon Xolbekova chang‘i poygalarida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, Misha Ge 2017 yil Finlyandiyaning Xelsinki shahrida figurali uchish bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatida Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Komil To‘xtayev Italiyadagi xalqaro musobaqada Olimpiadada ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan.