Ma’lumki, bir qator ko‘ngilli yurtdoshlarimiz koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanmoqda. Bu jarayon ommaviy emas, vaksinaning samaradorligini sinovdan o‘tkazish maqsadida amalga oshirilayotgan 3-faza klinik-sinov jarayonlaridir.

Shu bois emlashga kimlar jalb qilinishi, vaksina yuborishdan oldin ko‘ngillilar qay tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, uni qabul qilgan odamlarning salomatligidagi o‘zgarishlar qanday nazorat qilib borilishi borasidagi savollar jamoatchilik e’tibor markazida bo‘lib turibdi. SSV Matbuot xizmatining bu kabi savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshliq o‘rinbosari Botirjon QURBONOV javob berdi.

— Ilmiy tajriba sifatida o‘tkazilayotgan emlash jarayonida kimlar qatnashishi mumkin?

— Avvalo, aholi vakillari ushbu emlash jarayoni vaksinaning xavfsiz va samarali ekanini aniqlash hamda uning mintaqamiz sharoitida qanday ta’sir etishini tadqiq qilish maqsadida o‘tkazilayotganini unutmasliklari lozim.

Klinik-sinov tarzida o‘tkazilayotgan emlashda 18 yoshdan oshgan ko‘ngilli fuqarolarimiz qatnasha oladi. Ular “COVID-19” infeksiyasi bilan umuman zararlanmagan bo‘lishlari talab etiladi. Chunki koronavirusga chalinib, tuzalganlar tanasida antitanachalar mavjud bo‘lib, vaksinaning organizmga qanday ta’sir qilganini aniqlashga halaqit beradi.

Bundan tashqari, ayni vaziyatda koronavirus bilan og‘rigan bemorlarga ham vaksina qilinmaydi. Ko‘ngilli yurtdoshlarimiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, turli surunkali kasalliklardan xoli ekani o‘rganiladi. Surunkali kasalligi bor va isitmalayotgan, qon bosimi me’yoridan yuqori, qon kasalliklari mavjud, immun tanqisligi bilan kasallangan, saratonga chalingan bemorlar hamda homilador va farzand ko‘rish istagidagi ayollar ham bu jarayonda qatnashishi mumkin emas.

— Emlashdan oldin qanday tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi?

— Emlashdan oldin ko‘ngilli fuqarolarning qon taxlili ekspress usulda o‘rganiladi. Bunda organizmda infeksiyaga qarshi antitanachalar yo‘qligi hamda koronavirus kasalligiga chalinmagani aniqlanadi. Shuningdek, burun va halqumdan olingan surtmalar PZR orqali tekshirilib, tanada “COVID-19” virusi yo‘qligiga ishonch hosil qilinadi.

— Ayni paytgacha qancha ko‘ngilli emlandi?

— Shu yilning 22 dekabr sanasiga ko‘ra, 226 nafar ko‘ngilli fuqarolar vaksina bilan emlandi. Yurtdoshlarimizning vaksina to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini bildirishi hamda ko‘ngilli sifatida emlashda qatnashish niyatida murojaat qilishi uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan maxsus sayt yaratilmoqda. Ayni paytda nazoratga olish imkoni keng bo‘lgani uchun asosan poytaxtda yashovchi ko‘ngilli yurtdoshlarimiz ushbu vaksina bilan emlanmoqda.

Qayd etish joiz, ko‘ngillilar koronavirusga qarshi klinik-sinov tarzda emlanayotgan Xitoyning “Rekombinat” vaksinasi birinchi va ikkinchi klinik-sinov jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan. Shu paytgacha uchinchi faza klinik-sinovlari davomida emlanganlar o‘rtasida ham salbiy asoratlar aniqlanmagan. Ular doimiy ravishda shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi