Navoiy shahridagi “Yoshlar markazida” O‘zbekiston “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Navoiy viloyati hokimligi tashabbusi bilan Respublikada birinchi hududiy “Yoshlar – U-Report – Hokim” muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar parlamenti a’zolari, “U-Report” ko‘ngillilari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ular tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus loyihalar va ularning natijalari haqida so‘z yuritildi.

Bevosita hamda onlayn tarzda tashkil etilgan muloqotlar chog‘ida dastlab, “Navoiy shahridagi kovorking markazi qanday ishlashi kerak?” hududiy so‘rov natijalari muhokama qilindi.

Joriy yil noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda 650 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, ular tomonidan yangidan ishga tushiriladigan kovorking markazining ish faoliyati xususida turli fikr-mulohazalar bildirilgan.

− Yoshlarning 77 foizi tashkil etiladigan markazlarda buxgalteriya va soliq bo‘yicha konsalting xizmatlari bo‘lishi lozimligini, 30 foizi esa internet va ish uchun zarur vositalardan tashqari biznes trening kurslarini, 23 foizi kutubxona, 10 foizi kafe va fanlar bo‘yicha qo‘shimcha darslar tashkil etishga zarurat borligini bildirishdi, − deydi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

− Respondentlarning 93 foizi kovorkinglarda turli xil seminar va o‘quvlar tashkil etilishini bildirgan bo‘lsa yana 78 foizi barcha tumanlarda ham shaharlardagi qatori har bir tumanlar markazlarida ham shu kabi markazlar tashkil etish lozimligini ta’kidlagan.

Onlayn muloqotda O‘zbekiston “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov tadbir haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bugungi kunda yoshlarimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanayotgani, yoshlar yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanishlari va harakat qilishlari lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, bir guruh tadbirkor va tashabbuskor yoshlar tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlashda yaqindan ko‘mak va amaliy yordam berib kelayotganligi uchun viloyat hokimi K.Tursunovga minnatdorchilik xati topshirildi.

Abduvali BO‘RIEV, Siroj Aslonov (foto), O‘zA