O‘zbekiston Respublikasining 40 dan ziyod xorijiy davlatdagi Favqulodda va muxtor elchilari, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida qabul marosimi o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov elchilar hamda diplomatik korpus vakillarini Orolbo‘yiga tashrifi bilan qutlab, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning joriy yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholining obodon turmushi bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Bunda  davlatimiz rahbarining joriy yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga kuchli turtki berish, muammolarni tezkor hal etish uchun ularga vazirlar va banklar biriktirildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda  mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilarining yordami beqiyos.

Uchrashuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari “Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiyaviy va eksport imkoniyatlari” mavzusidagi ko‘rgazma hamda «Samsung Nukus» korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi. Mehmonlar Nukus shahri va tuman hokimlari, shuningdek, tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining yuqorida ta’kidlangan qarori ijrosini ta’minlash doirasida ishlab chiqilgan Dastur bo‘yicha umumiy qiymati 12 trillion so‘mdan ortiq jami 1359 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuning hisobidan 17,5 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi mablag‘lari hisobidan 2019-2020 yillarda amalga oshirilgan loyihalar bo‘yicha ma’lumot berildi.

– Tashrifdan ko‘zlangan maqsad, shahar va tumanlarning investitsiya imkoniyatlari va eksport salohiyati bilan tanishish, kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha rejalar belgilashdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasining Polsha Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Babayev. – Polshada mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga, shu jumladan trikotaj mahsulotlariga bo‘lgan talab yuqori. Kelgusida ushbu mamlakat investorlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shu orqali hududning eksport salohiyatini yuksaltirish borasida ishlar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi Favqulodda va muxtor elchilari, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiyaning tashrifi 25 dekabrgacha davom etadi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA