Qoraqalpogʻistonda “Asal bayrami” oʻtkazilmoqda

Qoraqalpogʻistonning barcha shahar va tumanlarida shu kunlari “Asal bayrami” oʻtkazilmoqda. Ushbu bayram 15 noyabrdan boshlangan boʻlib, 30 noyabrga qadar davom etadi. Nukus shahri dehqon bozorida asal mahsulotlari savdo yarmarkasi “Asal bayrami”ning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.
01f76004-cb79-4e9f-bbd6-67afb000d611.jpg
– Nukus shahrida oʻtkazilgan “Asal bayrami”ga 80 ga yaqin asalarichilik bilan shugʻullanuvchi fermer, dehqon xoʻjalik rahbarlari asal mahsulotlari va asalarichilik jihozlarini namoyish etgan holda ishtirok etdi. Ishtirokchilar tomonidan jiyda, qizilmiya, yantoq, oq tol va boshqa oʻsimliklaridan asal hamda propolis, mum va asalari suti kabi mahsulotlari, shuningdek, asalarichilik sohasida qoʻllaniladigan asbob-uskunalar namoyish etildi. Tadbirni oʻtkazishdan maqsad aholini sifatli, tabiiy va arzon asalarichilik mahsulotlari bilan taʼminlash, asal mahsulotlarining oʻziga xos foydali va shifobaxsh xususiyatlarini keng targʻib qilishdan iborat, -deydi “Oʻzbekiston asalarichilari” assotsiatsiyasi raisi Sherali Suyarkulov.
76033aed-9089-44c7-8dad-ac0fec421bdb.jpg
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bir paytlari mamlakatimizda 40 ming tonnagacha asal mahsulotlari chet davlatlarga eksport qilingan. Joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida faqat 58 tonna mahsulot arab davlatlariga, Rossiya, AQSH, Malayziya davlatlariga eksport qilingan. Sohani rivojlantirishga Isroil davlatidan mutaxassislar jalb qilinmoqda. Janubiy Koreyaning tadbirkorlari ham Qoraqalpogʻistonda yetishtirilgan asal mahsulotlarini sotib olishga qiziqish bildirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikamizda asalarichilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida berilgan imtiyozlar sohani rivojlantirishda asosiy omil boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, asalarilari uyalari, ular uchun zarur uskunalar va asalarichilik sohasida qoʻllaniladigan inventarlar, maxsus transport vositalari bilan tirkamalar va boshqalar lizing shartnomasi asosida yetkazib berilmoqda. Asalarichilik xoʻjaliklari tomonidan asal yigʻish mavsumi davomida oʻrmon fondi yerlaridan, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlardan (davlat qoʻriqxonalari, biosfera rezervatining muhofaza qilinadigan zonasidan tashqari), tabiiy pichanzorlar bilan yaylovlardan hamda qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanishni bepul amalga oshirish kabi qator imtiyozlardan foydalanilmoqda.

 

Y. Qanoatov, M.Xabibullayev, OʻzA