Qoraqalpogʻistonlik yosh kelin-kuyovga Prezident sovgʻasi – turar joy topshirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-16 noyabr kuni Qoraqalpogʻistonga safari davomida Nukus shahrini koʻzdan kechirib yurib, yosh kelin-kuyovning toʻyiga ham tashrif buyurgan edi. Davlatimiz rahbari yosh kelin-kuyovga baxt tilab, oilasi mustahkam boʻlishini tiladi. 17 noyabr kuni yosh kelin-kuyovlarga Nukus shahrining eng shinam maskanlarining biri “Qumbiz ovul” OFY hududida qad rostlagan koʻp qavatli uylarning biridan Prezident sovgʻasi – turar joy sovgʻa qilindi.
 
9d5334af-7aa5-4dc8-921c-2426fbed8de0.jpg
– Bizning nikoh toʻyimiz haqiqiy baxt toʻyiga aylandi, – deydi yosh kelin-kuyov Sultan Torenov va Hurliman Arziyevalar. – Shu kuni biz kechda boʻlib oʻtadigan yoshlar toʻyi oldidan Nukus shahrining chiroyli joylarini aylanib yurgandik. Sayl davomida tamaddi qilish uchun kichik bir qahvaxonaga kirdik. Bir payt biz oʻtirgan yerga Prezident kirib keldi va bizni baxt toʻyimiz bilan qutladi. U paytdagi his-tuygʻularimizni aytib yetkazish qiyin, albatta.Prezidentimiz toʻyimizga sovgʻa sifatida uy berdi. Buning uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdormiz. Kelgusida oʻquvlarimizni muvaffaqiyatli tamomlab, mamlakatimizning rivojiga hissa qoʻshadigan mutaxassis boʻlishga harakat qilamiz.
b781e48b-961a-4f59-89c7-2c53d9156516.jpg
Sultan va Hurliman ikkalasi ham talabalar. Ular Qoraqalpoq davlat universitetining Texnologiya fakultetida 4-kursda bitta guruhda tahsil oladi. Sultanning ota-onasini uyi Qoraoʻzak tumanining Madaniyat ovul fuqarolar yigʻinida, kelin Hurlimanning uyi esa Nukus shahrida. Endi ular shaharning zamonaviy qismida birgalikda istiqomat qiladi.
Shuningdek, shu kuni davlat rahbari tashrif buyurgan 8-sonli poliklinikaga Prezident sovgʻalari – “Spark” avtomashinasi, davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyatini boshlagan “Naushe” maktabgacha taʼlim muassasasiga bolalar oʻyinchoqlari tantanali ravishda topshirildi.

 

Y. Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA