Britaniya elchixonasi mahalliy boshqaruvda innovatsiyalarni joriy etishda hamkorlik qilmoqda

Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasida “Oʻzbekistonda innovatsion va tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish” mavzusida seminar-trening boʻlib oʻtdi. Tadbirda qayd etilganidek, innovatsiyalar bugun iqtisodiy yuksalishning asosiy manbayi va korxonalar, mintaqalar hamda milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligining muhim omilidir. 
 
IMG_20181118_113216_595.jpg
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti ekspertlari hisob-kitoblariga koʻra, keyingi yigirma yilda rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiy yuksalishi bevosita innovatsiyalar bilan bogʻliq.
Davlat boshqaruv akademiyasi, Buyuk Britaniya elchixonasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida tashkil etilgan treningda bu bilan bogʻliq qator masalalar kun tartibidan oʻrin oldi.
Tadbirda ishtirok etgan Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan bizga intervyu berar ekan, bu haqida shunday fikr bildirdi:
– Biz bilamizki, joriy yilda innovatsiyalarga Oʻzbekistonda alohida eʼtibor qaratilmoqda. Quvonarli jihati boshqaruv idoralari va oliy taʼlim muassasalarida innovatsiyalarni joriy etishga masʼul boʻlgan rahbar oʻrinbosarlari lavozimi joriy etildi. Biz Lester universiteti bilan birgalikda ayni shu mutaxassislar uchun oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etdik. Bunda koʻproq ijtimoiy boshqaruv tizimida qanday qilib innovatsiyalarni joriy etish va koʻlamini kengaytirishga eʼtibor qaratyapmiz. Aynan jamiyat boshqaruviga innovatsiyalarni tatbiq etish birmuncha qiyin. Britaniyada ham ijtimoiy boshqaruvda tavakkalchilikka unchalik yoʻl qoʻyilmaydi. Iqtisodiy sohada esa tavakkalchiliklarga koʻp guvoh boʻlamiz va bu yaxshi natijasini bergan. Agar ana shunday tizimni ijtimoiy yoʻnalishga joriy eta olsak, bunda ham katta natijalarni qoʻlga kiritsa boʻladi, deydi Kristofer Allan.
Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri Dilfuza Raximovaning taʼkidlashicha, trening davomida aynan amaliy jihatga alohida eʼtibor qaratildi.–Innovatsion ishlanmalar amaliyotda keng qoʻllanilgandagina samara beradi. Hozir baʼzi tashkilotlar ilmiy yangiliklarga beeʼtibor boʻlib, odatda anʼanaviy faoliyat turlari bilan cheklanishadi. Buning samaradorligi esa nisbatan past. Shunday ekan, olimlar bilan hamkorlik qilish foydadan xoli emas. Zero, shu yoʻnalishdagi bugungi saʼy-harakat ertangi kun uchun qoʻyilgan sarmoyadir,- deydi Dilfuza Raximova.- Oʻzbekistonda joriy yilda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”deb eʼlon qilinishi mamlakatimizning innovatsion rivojlanishi yoʻlida qoʻyilgan muhim qadam boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yil yakuniga yetib borayotgan boʻlsada ayrim tuzilmalarda rahbarlarning innovatsiyalarni joriy etish koʻnikmalari hamon kamligi sezilib qolmoqda. Davlat boshqaruvi akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Britaniya elchixonasi hamkorligida amalga oshirayotgan loyihamiz, aynan boshqaruvda zamonaviy menejmentni joriy etish va rahbar kadrlarda innovatsion fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan.
Koʻpchilik innovatsiyalarni faqat texnologik yangiliklar bilan bogʻlashadi. Britaniyalik mutaxassislar esa bu juda tor taʼrif ekanligini qayd etishdi. Seminar ishi yakunlangan boʻlsada loyiha davom etadi. Elchixona vakilining maʼlum qilishicha, hududlarda ham ijtimoiy sohaga innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan qator tadbirlar uyushtirilishi rejalashtirilgan.

 

N. Toshpoʻlatova, OʻzA