MDH maydonida O‘zbekiston – Rossiya hamkorligi

O‘zbekistonning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi so‘nggi yillarda amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. Bu jarayonda iqtisodiy manfaat, inson kapitali, mehnat migratsiyasi, ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalar bir-birini to‘ldiruvchi yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda. Markaziy Osiyodan tashqari MDH makonida respublikamiz uchun eng muhim sherik Rossiya Federatsiyasidir. Ayni jarayonda tarixiy iqtisodiy bog‘liqlik, ulkan bozor, mehnat resurslari harakati va tarmoqlararo kooperatsiya bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham yangi talablarni yuzaga chiqaradi.
O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari ikki tomonlama munosabatni “kompleks strategik sheriklik va ittifoqchilik” ruhida rivojlantirish masalalarini muntazam muhokama qilib kelmoqda. Shu jihatdan hamkorlikni faqat savdodagi raqamlar bilan emas, balki ijtimoiy-gumanitar o‘lcham, institutsional mexanizm hamda yangi kelishuvlarning uzoq muddatli ta’siri bilan birga baholash maqsadga muvofiq.
Iqtisodiy hamkorlik
O‘zbekistonning tashqi savdo geografiyasida Rossiyaning o‘rni barqaror yuqori bo‘lib qolmoqda. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025-yil hisobotida o‘zaro tashqi savdo aylanma 12 985,7 million dollarni tashkil etgan, 2024-yil 11 974,1 million dollar edi. Bu raqam RF mamlakatimiz tashqi savdosida yuqori ulushga ega ekanini ko‘rsatadi. Umumiy ro‘yxatda Rossiya 16 foizlik hissa bilan Xitoy (21,2 foiz)dan keyingi natijani qayd etgan.
Iqtisodiy bog‘liqlikning muhim tomoni shundaki, Rossiya O‘zbekiston uchun bir vaqtning o‘zida ham eksport bozori, ham import manbai hisoblanadi. O‘tgan yil yakunida respublikamiz eksportida RF asosiy sherik sifatida 12,8 foiz ulushni ta’minlagan – 4,3 milliard dollar. Ushbu ma’lumot Milliy statistika qo‘mitasi 9-fevralda e’lon qilgan “Top-10 eksport bozori” hisobotida keltirilgan.
Importda ham Rossiyaning salmog‘i katta. O‘sha matbuot xabarnomasida 2025-yil uchun umumiy importchi yirik sheriklarimiz hissasi keltirilarkan, Rossiya 18,3 foiz ko‘rsatkich bilan Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Bunday tizim iqtisodiy hamkorlikni “muayyan sohalarda bir-birini to‘ldiruvchi” deya tavsiflash imkonini beradi. Shu bilan birga mazkur holat ta’minot zanjiriga bog‘liqlik xavfini ham oshiradi.
Shu nuqtai nazardan oxirgi yillarda kun tartibidagi asosiy vazifa etib shunchaki savdo aylanmasini ko‘paytirish emas, balki tarkibni diversifikatsiya qilish, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar hissasini oshirish, texnologik kooperatsiyani kengaytirish va hisob-kitob hamda logistikada barqarorlikni ta’minlash belgilandi. Bu talab, ayniqsa, tashqi bozor inqiroziga sezgirlik sharoitida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Hududlararo hamkorlik
MDH doirasidagi institutlar va hududlararo mexanizm orqali loyihalar ishlab chiqilishi ham O‘zbekiston –Rossiya sherikligining muhim jihatidir. MDH Ijroiya qo‘mitasi ma’lum qilishicha, Hududlararo va chegara oldi hamkorlik kengashi 14-yig‘ilishida qayd etilganidek, 2025-yil 29-sentabrda tasdiqlangan 2030-yilgacha iqtisodiy rivojlanish strategiyasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi hududlararo hamkorlik uchun “strategik yo‘nalish” vazifasini o‘taydi.
E’tiborli jihati, mazkur yig‘ilishda 2025-yil 29-aprel kuni Toshkentda o‘tgan “MDH hududlari forumi” natijasi ham muhokama qilingan. Demak, O‘zbekiston MDH maydonida faqat ishtirokchi emas, balki faol tashabbuskor sifatida ham maydonga chiqmoqda.
Bunday mexanizmlar ikki tomonlama munosabat rivoji uchun muhim qo‘shimcha qiymat beradi. Loyihalar faqat markaziy idoralar darajasida emas, balki hududlar kesimida ham shakllanib, ishbilarmonlik aloqalari kengayadi. Binobarin, hududlararo format ko‘pincha gumanitar va ijtimoiy loyihalarni tezroq harakatga keltiradi.
Madaniy aloqalar va turizm
Madaniyat, turizm va gumanitar aloqalar ko‘pincha siyosiy bayonot bosqichida qolib ketadi, degan qarash bor. Vaholanki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Rossiya hamkorligida ushbu yo‘nalish ham iqtisodiy mazmun kasb etib, turizm rivojlanishi, qo‘shma tadbirlar, hududlar darajasidagi hamkorlik va xizmat eksporti bilan namoyon bo‘lmoqda.
Turizm qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025-yil 2-iyul kuni qo‘mita rahbariyati Rossiyaning Primore o‘lkasi hukumati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokara chog‘ida o‘zaro sayyohlik oqimni tezlashtirish maqsadida 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan dastur tuzish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, Rossiyada “O‘zbekiston turizm yili” tadbiri doirasida qo‘shma ko‘rgazma va forumlar uyushtirib, sayyohlik korxonalari faoliyatini rivojlantirish, jumladan tanishtiruv turlari tashkil etish bo‘yicha takliflar almashilgan.
Bunday dasturlar bir tomondan, madaniy-gumanitar aloqani kuchaytirsa, ikkinchi tomondan xizmat eksporti ko‘lamini kengaytirish, hududlarda kichik biznes faolligiga turtki berish orqali iqtisodiy samara beradi. Turizmda hududlararo hamkorlik natijasi tashrif, havo qatnovi, logistika va xizmat tarmog‘i uyg‘unlashuvida namoyon bo‘ladi.
Istiqbol
Mutaxassislar fikricha, O‘zbekiston – Rossiya hamkorligi natijadorligini saqlab qolish uchun bir vaqtning o‘zida ikki vazifa hal qilinishi kerak. Birinchisi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar, sanoat kooperatsiyasi va texnologik almashinuv masalalariga e’tiborni kuchaytirish. Buning uchun muhandislik ta’limi va qo‘shma ilmiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan memorandumlar amaliy mexanizm sifatida muhim. Ikkinchisi, ijtimoiy yo‘nalishda barqarorlikni huquqiy va institutsional kafolat bilan mustahkamlash. Mehnat migratsiyasi bo‘yicha idoralararo ishchi guruhlar ham ayni ehtiyojdan kelib chiqadi.
Pul o‘tkazmasi miqdori o‘sishi ichki iqtisodiy faollik uchun resurs bo‘lishi barobarida tashqi mehnat bozoriga yuqori sezgirlikni ham anglatadi. Markaziy bank hisobotida 2025-yil 9 oyida pul o‘tkazmalari 13,9 milliard dollarga yetib, avvalgi yilning shu davriga nisbatan 23,5 foiz o‘sgani ko‘rsatilgani bu omilning makroiqtisodiy salmog‘ini tasdiqlaydi. Shu nuqtai nazardan migrantlar huquqiy himoyasi, legal bandlik va kasbiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish ham gumanitar emas, balki iqtisodiy barqarorlik masalasi sifatida ko‘rilishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlanadi.
Dilshod Hakimov, O‘zA