O‘zbekiston – AQSH: Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi hamkorlik yangi bosqichda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer qa’rini geologik o‘rganish, xususan rangli qimmatbaho metallar va boshqa foydali qazilma maydonlarida geologik-qidiruv ishlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Rangli va qimmatbaho metallarning istiqbolli maydonlarini topish uchun ilmiy ishlar, yirik o‘lchamli geologik xaritalar yaratish asosida respublika mineral-xom ashyo bazasini boyitish borasida ko‘plab tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Ma’lumki, mazkur soha rivojida ilmiy izlanish olib borish, xalqaro hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish orqali ilg‘or xorijiy tajribani ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. E’tiborlisi, yosh olimlarimiz ayni yo‘nalishda chuqur ilmiy izlanishlar olib borib, nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro maydonda O‘zbekistonning geologiya va tog‘-kon sohasidagi o‘rnini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xodimi Behzod Xolmurodov shunday yosh mutaxassislarimizdan biri. Olim ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, hozirgacha erishilgan natijalar haqida O‘zAga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar sharoitida tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, geologiya-qidiruv ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, sohaga dunyoning zamonaviy texnika va tehnologiyalarini jalb qilish maqsadida aerogeofizika va dron uskunalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Natijada ish turi tannarxi kamaydi, sarflanadigan vaqt tejalib, samaradorlik bir necha barobar oshdi.
Eng muhimi, yer osti boyliklaridan foydalanishda shaffof mexanizm yaratildi, qonunchilik bazasi takomillashtirildi. Natijada respublikamiz global mineral bozorining muhim ishtirokchisiga aylanib, xalqaro miqyosdagi strategik hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratildi.
Ayniqsa O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari mas’ul idoralari tomonidan joriy yil Vashingtonda imzolangan strategik hujjatlar to‘plami ushbu yo‘nalishdagi munosabatlarni amaliy bosqichga o‘tkazdi. Qolaversa, 2024-yil sentabr oyida ikki davlat hukumati o‘rtasida muhim xom ashyo sohasida sheriklik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolanishi ham o‘zaro munosabatning institutsional asosini mustahkamladi.

Ma’lumki, bugungi kunda jahon iqtisodiyoti va energetik o‘tish jarayoni uchun o‘ta muhim hisoblangan strategik resurslar – muhim mineral xom ashyolar va nodir minerallar butun dunyo sanoat xavfsizligi va yuqori texnologiyalari rivoji uchun beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda qiymat zanjirini “upstream – midstream – downstream” tamoyili asosida rivojlantirish, ya’ni qazib olishdan qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik turkumni yo‘lga qo‘yish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Investitsiya va savdo yo‘nalishida “Traxys” va “Cove Capital” kabi jahon kompaniyalari bilan o‘rnatilgan sheriklik O‘zbekistonning global ta’minot zanjirini diversifikatsiya qilishdagi strategik rolini yanada mustahkamladi. Bunday hamkorlik shunchaki resurs qazib olish emas, balki mineral xom ashyo bazasini yuqori qo‘shilgan qiymat zanjiri asosida rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli iqtisodiy strategiyaning bir qismidir.
Bugungi kunda “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ va “Cove Capital” tomonidan imzolangan sarmoyaviy hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi asosida konlarni o‘zlashtirish va yangi istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ish olib borilyapti.
Sanoatni modernizatsiya qilish va texnologik jarayonni mahalliylashtirish doirasida jahonning yetakchi og‘ir texnika ishlab chiqaruvchisi – “Caterpillar” kompaniyasi va rasmiy hamkor “Zeppelin Uzbekistan” bilan erishilgan kelishuv ham alohida o‘rin tutadi. Ayni payt mazkur sheriklik doirasida respublikamizdagi tog‘-kon korxonalari uchun zamonaviy texnika vositalari yetkazib berish, jihozlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, eng muhimi butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda.
“FLSmidth” kompaniyasi bilan erishilgan kelishuv esa Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqarish quvvatini oshirish, korxona faoliyatiga eng ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish imkonini bermoqda. Bu jarayonda texnologik uskunalarni mahalliylashtirish, butlovchi qismlarni bevosita yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek maxsus servis markazlar ochish orqali texnologik mustaqillikka erishishga ustuvorlik berilgan.
Yirik loyihalarni ilgari surishda moliyalashtirish jarayoniga xalqaro moliyaviy tuzilmalarni jalb etish muhim. Shu maqsadda AQSH yetakchi moliya institutlari – Xalqaro rivojlanish moliya korporatsiyasi (DFC) hamda Eksport-Import banki (“EXIM Bank”) bilan turli darajada muzokara va muloqotlar olib borildi. Samarali tashabbuslar investitsiya muhitini yanada jozibador qiladi, albatta.
Sohaning istiqbolli kelajagi bevosita ilm-fan va yuqori texnologiyalar uyg‘unligiga tayanadi. Geologiya fanlari universiteti hamda Kolorado konchilik maktabi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida belgilangan strategik yo‘nalishlar har ikki tomon uchun yangi ufqlar ochmoqda. Mazkur integratsiya doirasida geologiya-qidiruv ishlari murakkab kechadigan hududlarda sun’iy intellekt yordamida yangi konlarni aniqlashga ixtisoslashgan zamonaviy Kompetensiyalar markazi tashkil etish, qidiruv jarayoniga raqamli yechim va aerogeofizik texnologiyani tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Texnologik metallar kombinati va Massachusets texnologiya instituti o‘rtasida xodimlarni “MIT Horizon” platformasida zamonaviy raqamli va axborot texnologiyalari, aqlli ishlab chiqarish, avtomatlashtirish hamda barqaror va kelajak texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha onlayn o‘qitishga qaratilgan hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Xulosa qilib aytganda, ilmiy-texnik, sanoat va investitsiya yutuqlari ishlab chiqarishga joriy etilishi respublikamiz mineral-xom ashyo sektorini innovatsion asosda taraqqiy ettirish, O‘zbekiston geologiya va tog‘-kon sohasining global miqyosdagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.