Biofarmatsevtika va kosmetika yo‘nalishida kamida 400 million dollarlik loyihalar shakllantiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Tadbirda farmatsevtika korxonalari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Original dori yaratilganidan 20-30 yil o‘tib, boshqa farmatsevtika korxonalari ham bu dorini ishlab chiqarishi mumkin. Qaysi kompaniya harakat qilib, ushbu dorini ishlab chiqarish texnologiyasini tezroq o‘zlashtirsa, marra shuniki bo‘ladi.
Eng muhimi, talab yuqori bo‘lgan bunday dorilarni ichki bozordagi narxi 5 barobargacha arzon bo‘ladi.
Shu bois, mana shunday dori vositalarini bir yil ichida o‘zimizda ishlab chiqarishni boshlagan korxonalarning texnologiyalarni transfer qilish xarajatining yarmi Farmatsevtika jamg‘armasidan qoplab beriladi.
Shuningdek, eng ko‘p import qilinayotgan 100 turdagi dorilarni ishlab chiqarishni ko‘paytiraman degan tadbirkorlar uchun “Toshkent farma park” klasteri hududi yana 100 gektarga kengaytiriladi.
Janubiy Koreyalik hamkorlar o‘tgan yili “Toshkent farma park”ka qo‘shib berilgan 60 gektarni boshqaruvga olish taklifini bergan. Ular o‘z hisobidan infratuzilmaga 40 million dollar kiritib, ushbu hududga Koreyaning nufuzli kompaniyalarini olib kelish istagini bildirgan.
Mutasaddilarga bu boradagi muzokaralarni yakunlab, biofarmatsevtika va kosmetika yo‘nalishida kamida 400 million dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.
O‘zA