Hokimlarda hududidagi farmatsevtika korxonalari bilan gaplashib, ular ko‘targan masalalarga yechim topadigan tizim yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi

3

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Tadbirda farmatsevtika korxonalari vakillari ham ishtirok etmoqda.

– Tibbiyotdagi keng ko‘lamli islohotlarimiz, birlamchi bo‘g‘inda profilaktikaning kuchaytirilishi kasalliklarni davolash bilan birga uning oldini olishga qaratilgan preparatlarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda,  –dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, mutasaddilar oldida bu yil sohaga kamida 1 milliard dollar investitsiya olib kelish, sifatni oshirish va xorijiy yetuk farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali ichki iste’moldagi mahalliy dorilar ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish, kelgusi besh yilda eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish vazifalari turgani qayd etildi.

Bu borada 100 dan ziyod ishlab chiqaruvchilar, 50 dan ortiq importchilar, 300 ga yaqin ulgurji va chakana savdo korxonalari, investorlar bilan sohadagi masalalar muhokama qilindi, bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida katta qaror loyihasi tayyorlandi.

Shunday bo‘lsa-da, hokimlarda hududidagi farmatsevtika korxonalari bilan gaplashib, ular ko‘targan masalalarga yechim topadigan tizim yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zA