O‘zbekiston Prezidenti va Kuvayt Davlati Valiahdi o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi

25

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Kuvayt Davlati Valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Muloqot chog‘ida oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashayotgani, mamlakatdagi turli infratuzilma ob’ektlariga berilgan zarbalardan jiddiy xavotir bildirildi. Bunday salbiy harakatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi va ushbu sinovli damlarda O‘zbekiston birodar Kuvayt xalqi bilan birdam hamda yelkadosh ekani ta’kidlandi.

Aholining tinchligi va osoyishtaligiga jiddiy xavf tug‘diradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi qayd etildi.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bu yerda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun alohida tashakkur aytdi. Shuningdek, Kuvayt Amiri Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh A’lo Hazratlariga iliq salomlarini yo‘lladi.

O‘z navbatida Kuvayt Valiahdi hozirgi qiyin vaqtda izhor etilgan do‘stona qo‘llab-quvvatlash va birdamlik tuyg‘ulari uchun O‘zbekiston yetakchisiga mamlakat rahbariyati va xalqi nomidan chuqur minnatdorlik izhor etdi.