Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashi tashkil qilinadi

4

Bugun dunyo aholisining 10 foizdan ortig‘i volontyorlik bilan shug‘ullanmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda volontyorlik faoliyatining huquqiy asosini yaratilgani, Volontyorlar maktabi, oliygohlarda markazlar tashkil qilinganining hisobiga bizda ham bunday yoshlar besh karra ko‘paydi.

Ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim, favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishidagi volontyorlarning soni 100 mingdan oshdi.

Mana shunday tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlari, faol ko‘ngilli yoshlardan iborat Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tashkil qilish taklif etildi.

Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tashkil qilinadi. Ushbu jamg‘armaga har yili byudjetdan 20 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi. Bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari ham mahalliy byudjetdan 3 milliard so‘mdan ajratadi.

Mazkur mablag‘lar hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant beriladi. Ko‘ngilli yoshlarga “ijtimoiy faollik kartasi” ochilib, ekologiya, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta’lim, jamoat xavfsizligi kabi yo‘nalishlardagi ishtirokiga qarab, ball berib boriladi.

“Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti davom etmoqda.

O‘zA