O‘zbekiston tashqi siyosati: geosiyosiy muvozanat va iqtisodiy diplomatiyaning yangi bosqichi

So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston tashqi siyosati mazmun jihatidan tubdan yangilandi.
Avvalgi davrda asosiy e’tibor xavfsizlikka qaratilib, diplomatiya ehtiyotkor xususiyat kasb etgan bo‘lsa, bugun mamlakat faol, ochiq va natijaga yo‘naltirilgan tashqi siyosat yuritmoqda. Bunday yangi konsepsiyada milliy manfaat, iqtisodiy taraqqiyot va mintaqaviy barqarorlik ustuvor etib belgilangan.
Markaziy Osiyo
Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuni sifatida e’tirof etiladi. 2016-yildan keyin qo‘shni davlatlar bilan munosabat sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, nazorat-o‘tkazish punktlari qayta ochildi, transport qatnovi tiklandi. Bu jarayon mintaqada ishonch va ochiqlik muhitini shakllantirdi.
Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash miqdori 2016-yil 2,5 milliard dollar atrofida bo‘lgan, 2023-yil yakunida 9 milliard dollarga yaqinlashdi, 2024-yil esa 11 milliard dollarga yetdi. Demak, sakkiz yilda ushbu ko‘rsatkich qariyb to‘rt barobar o‘sgan. Qo‘shni davlatlarning mamlakatimiz tashqi savdosidagi ulushi 10 foizdan qariyb 20 foizga ko‘tarilgan.
Xususan, Qozog‘iston bilan savdo 4 milliard dollar atrofida, Qirg‘iziston bilan tovar ayirboshlash bir necha barobar oshgan, Tojikiston bilan esa 1 milliard dollar chegarasidan o‘tdi. Turkmaniston bilan ham iqtisodiy aloqalar barqaror o‘smoqda. Bu raqamlar mintaqaviy hamkorlikning amaliy natijasini ko‘rsatadi.
Infratuzilma sohasidagi o‘zgarish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi avtomobil va temir yo‘llarda qatnov tiklandi, chegara oldi savdo hududlari va logistika markazlari tashkil etildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlanishi, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi faollashuvi mintaqaning tranzit salohiyatini oshirmoqda.
Siyosiy muloqot institutsional tus oldi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvi muntazam o‘tkazilmoqda. Samarqand shahrida 2022-yil SHHT sammiti, 2023-yil Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi forumi, 2025-yil YeI – Markaziy Osiyo sammiti tashkil etildi. Mazkur anjumanlar mintaqani global diplomatik kun tartibiga chiqardi.
Umuman, mintaqaviy savdo miqdorn 11 milliard dollardan oshishi va institutsional muloqot mustahkamlanishi faqat iqtisodiy yutuq emas, balki ishonchli siyosiy muloqot, ochiq chegara va integratsiyaga qaratilgan tashqi siyosat natijasidir. Endilikda Markaziy Osiyo tashqi siyosatimizda ustuvor makon sifatida mustahkam o‘rin egallagan.
Yevropa
Yevropa Ittifoqi bilan munosabat O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biriga aylandi. So‘nggi yillarda o‘zaro muloqot tizimli tus oldi va huquqiy baza takomillashtirildi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokara 2024-yil yakunlanib, hujjatni imzolash jarayoni yakuniy bosqichga kirdi. Mazkur bitim savdo, investitsiya, energetika, raqamli iqtisodiyot, atrof-muhit muhofazasi va qonun ustuvorligi sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli mexanizm sifatida baholanmoqda.
So‘nggi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2024-yil yakunida tomonlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qiymati 6 milliard yevrodan oshdi. YeI O‘zbekistonning eng yirik uch savdo sherigidan biriga aylandi. Eksport tarkibida rangli metallar, kimyo mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda to‘qimachilik mahsulotlari ustuvor.
Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozli savdo rejimi doirasida 6 000 dan ortiq turdagi mahsulot Yevropa bozoriga bojsiz kiryapti. Bu tartibdan samarali foydalanish natijasida to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak jo‘natish sezilarli darajada kuchaydi. Oxirgi ikki yil ko‘hna qit’aga eksport hajmi barqaror o‘sib boryapti.
Investitsiya sohasi rivojida ham ijobiy sur’at hukmron. Yevropa kompaniyalari energetika, kimyo sanoati, logistika va yashil iqtisodiyot loyihalarida faol ishtirok etyapti. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishida xorij kapitali salmoqli o‘rin tutadi.
Ayni yo‘nalishdagi sheriklik institutsional islohotlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qonun ustuvorligi, inson huquqi, sud-huquq tizimi islohoti, davlat boshqaruvi shaffofligi va atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha muloqot mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. YeI bilan yashil o‘tish, karbon chiqindisini kamaytirish va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti munosabatlarni mintaqaviy formatda mustahkamlashga xizmat qildi. Anjumanda transport zanjiri, raqamli transformatsiya va energiya xavfsizligi masalalari batafsil muhokama etildi.
Rossiya va Xitoy
Rossiya va Xitoy bilan munosabat O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin egallaydi. RF respublikamizning an’anaviy savdo va mehnat migratsiyasi sohasidagi yirik hamkori hisoblanadi. Bu davlat bilan savdo ko‘rstakichi 9 milliard dollarga yaqinlashgan.
Xitoy esa diyorimizning eng yirik savdo sherigi. Ayni payt tovar ayirboshlash miqdori 14 milliard dollardan oshgan. Infratuzilma, energetika va sanoat loyihalarida XXR kapitali faol ishtirok etmoqda.
Bu masalada asosiy jihat muvozanatdir. O‘zbekiston hech bir uyushma yoki geosiyosiy platformaga to‘liq qo‘shilmasdan, har bir yo‘nalishda milliy manfaatni ustuvor qo‘ymoqda.
AQSH
Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan munosabat ham so‘nggi yillarda yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligi xavfsizlik, iqtisodiy islohot, energetika, ta’lim va inson kapitali rivoji kabi yo‘nalishlarda tizimli tus oldi.
C5+1 formati doirasida muloqot mustahkamlandi. 2023-yil sentabr oyida Nyu-York shahrida o‘tkazilgan birinchi C5+1 sammiti mintaqaviy hamkorlikni yangi darajaga olib chiqdi. Mazkur anjumanda transport zanjiri, energetika xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va mintaqaviy barqarorlik masalalari bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi.
2023-2024-yillarda Vashington va Toshkent strategik sheriklik muloqotini faol davom ettirdi. Davlat departamenti va mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasidagi maslahatlashuv doirasida investitsiya muhitini yaxshilash, savdoni diversifikatsiya qilish, raqamli iqtisodiyot va yashil energetika sohalarida hamkorlik qilish masalalari ko‘tarildi.
Iqtisodiy ko‘rsatkich muloqotning amaliy natijasini aks ettirmoqda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2024-2025-yillarda o‘lkamizga jalb qilingan umumiy xorijiy sarmoya qiymati 40 milliard dollardan oshdi. 2016-yil 2 milliard dollar atrofida bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimi oxirgi yillarda o‘n barobarga yaqin tezlashdi. Bu jarayonda AQSH kompaniyalari energetika, neft-gaz majmuasi, agrosanoat va axborot texnologiyalari sohalarida faol ishtirok etmoqda.
Tashqi savdo aylanmasi barqaror o‘sish namoyon etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2016-yil 24 milliard dollar edi, 2023-yil 60 milliard dollarga yetdi, 2024-yil yakunida esa 70 milliard dollarga yaqinlashdi. Eksport tarkibi diversifikatsiya qilinmoqda. Oltin va xom ashyo bilan bir qatorda sanoat mahsulotlari, kimyo sanoati tovarlari va to‘qimachilik eksporti ulushi ortmoqda.
Tranzit markaziga aylanish
Geografik jihatdan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va ikki karra qit’a ichidagi davlat sifatida dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega emas. Shu bois transport va logistika diversifikatsiyasi tashqi siyosatimizning strategik yo‘nalishiga aylangan. Keyingi yillarda tranzit infratuzilmasini rivojlantirish, yangi xalqaro yo‘laklarga ulanish va yuk tashish hajmini oshirish choralari ko‘rilyapti.
Bu yo‘nalishdagi eng muhim loyihalardan biri “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lidir. 2024-yil uch davlat tashabbusni amaliy bosqichga o‘tkazishga kelishdi va qurilish boshlandi. Uzunligi 500 kilometrdan oshadigan mazkur magistral Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa bozorlariga chiqish yo‘lini sezilarli qisqartiradi. Masofa 800-900 km qisqarib, hozirgi yetkazib berish vaqtidan bir necha kun tejalishi kutilyapti. Bu nafaqat tranzit daromadini oshiradi, balki yurtimizni mintaqaviy logistika markaziga aylantiradi.
Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (O‘rta yo‘lak) ham alohida ahamiyat kasb etadi. Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa bozoriga chiqish imkoni yaratilayotgan mazkur yo‘nalishda yuk hajmi so‘nggi ikki yil bir necha barobar oshdi. 2023-2024-yillarda O‘zbekiston ushbu yo‘lak orqali tashilgan yuk hajmini sezilarli ko‘paytirdi, konteyner tashuvi geografiyasi kengaydi. YeI bilan transport zanjirini mustahkamlash bo‘yicha kelishuv mazkur yo‘nalishning strategik ahamiyatini yanadaoshiradi.
Garchi, hozircha muhokama bosqichida bo‘lsa-da,Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqishni nazarda tutuvchi temir yo‘l loyihasi amalga oshsa, respublikamiz uchun Arab dengizi portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochiladi. Bu eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish, logistika xarajatini keskin qisqartirish imkonini beradi.
Geosiyosiy risk
Global sanksiya siyosati, yirik davlatlar raqobati va ta’minot zanjiridagi uzilish O‘zbekiston tashqi siyosati uchun sharoitni birmuncha murakkablashtiradi.
Bu jarayondagi asosiy xavf muvozanatni saqlashda xatoga yo‘l qo‘ymaslik. Zero, bir yo‘nalishda ortiqcha og‘ish ikkinchi yo‘nalishdagi ishonchga ta’sir qilishi mumkin.Shu ma’noda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati pragmatik, muvozanatli va natijaga yo‘naltirilgan xususiyatga ega. Mintaqaviy ustuvorlik, ko‘p vektorli hamkorlik va iqtisodiy diplomatiya uyg‘unlashuvi mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirmoqda. Geosiyosiy bosim kuchaygan davrda muvozanatni saqlash jiddiy sinov. Binobarin, so‘nggi yillardagi raqamlar va diplomatik natija ko‘rsatmoqdaki, tanlangan to‘g‘ri yo‘l allaqachon o‘z samarasini bera boshlagan.
Dilshod Hakimov, O‘zA