Yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi

13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish avvalida o‘tgan yilgi makroiqtisodiy natijalar qayd etildi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiy o‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar hisobiga ta’minlandi. Qishloq xo‘jaligida gektaridan o‘rtacha daromad 4,5 mingdan 5 ming dollarga ko‘paydi, mehnat unumdorligi 4,7 foizga oshdi.
Iqtisodiyotga ilg‘or, energiya tejamkor texnologiyalar kirib kelayotgani hamda yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalar ko‘payib borayotgani natijasida bir yil ichida bir dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaydi.
Prezidentimiz 2026-yil uchun belgilangan ko‘rsatkichlarga to‘xtalib, 6,6 foizli iqtisodiy o‘sish orqali yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard dollarga yetkazish rejasi geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy tebranishlarni inobatga olgan holda shakllantirilgan ehtiyotkor prognoz ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari sohasiga yangicha boshqaruv olib kirib, resurslardan samarali foydalansa, an’anaviy eksport bozorlariga bog‘lanib qolmasdan yangi yo‘nalishlar ochsa, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislarni jamlab, innovatsiyalar kiritsa, yoshlarni jalb etib, “startap klub”lar tashkil etsa, iqtisodiy o‘sishni yanada yuqori sur’atlarda ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda strategik korxonalar samaradorligi va xarajatlarni qisqartirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Milliy investitsiya jamg‘armasini boshqarishga jalb etilgan “Franklin Templeton” kompaniyasi tahliliga ko‘ra, korporativ madaniyatni kuchaytirish, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligida katta zaxiralar mavjudligi qayd etildi. 19 ta strategik korxona rahbarlariga xarid tizimi, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligi bo‘yicha keskin choralar ko‘rib, tannarxni 10-15 foizga qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
– Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish hisobidan emas, balki mahsulot tannarxini qisqartirish orqali ta’minlanishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Shuningdek, strategik korxonalarni “Yagona g‘aznachilik” axborot tizimi bilan qamrab olish, xaridlarni risk-tahlil asosida toifalash orqali samarasiz xarajatlarga chek qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Hududiy sanoatni rivojlantirishdagi kamchiliklar keskin tanqid qilindi. Uch yilda respublika sanoati 21 foiz o‘sgan bo‘lsa-da, qator tumanlarda bu ko‘rsatkich 10 foizga ham yetmagani, ayrim hududlarda kredit resurslari va investitsiyalarning o‘sishi sanoat o‘sishiga mutanosib ta’sir ko‘rsatmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga 12 ta tumanga borib, bir oy joyida ishlash, ishlab chiqarishi pasaygan korxonalarni “oyoqqa turg‘azish” va ushbu tumanlarda sanoat o‘sishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Umuman, respublika sanoatini kamida 8,5 foizga o‘stirish bo‘yicha tarmoqbay va hududbay rejalarni tasdiqlash, birinchi chorak yakunida aniqlangan muammolar va ularning yechimiga qarab, rahbarlar faoliyatiga baho berish belgilandi.
Yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona mavjudligi, bu yil 300 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detal ishlab chiqarishni boshlash hamda avtomobil ishlab chiqarishni 510 mingtaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi. Aholi talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkalarini pasaytirish va hajmini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha yangi boshqaruv yondashuvlari belgilandi.
Joriy yil 50 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish rejasi qo‘yilgani, yangi loyihalar birinchi navbatda yuqori qo‘shilgan qiymatli va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga, resurslardan samarali foydalanish hamda yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.

Vazirlar va hokimlarga 2026-yilgi investitsiya dasturiga kiritilayotgan har bir loyihaning bozori, eksporti, qo‘shilgan qiymati va yaratadigan ish o‘rinlarini to‘liq tahlil qilish topshirildi.
Endilikda investitsiya loyihalari bilan ishlashda loyihani ishga tushirish bilan cheklanib qolmasdan, uning to‘liq ishlashi, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishi va tashqi bozorga chiqishi bo‘yicha ham qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Shu maqsadda dasturga kirgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil davomida monitoring qiladigan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi.
O‘tgan yili turli tashkiliy muammolar sabab 55 ta yirik loyiha kechikkani qayd etilib, bu yil qiymati 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinishi belgilandi.
Shuningdek, xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgani, joriy yilning o‘zida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million dollarlik investitsiya bitimlari imzolangani ma’lum qilindi.
Investitsiyalarning ko‘payishi hisobiga qurilish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddilarga joriy yilgi qurilish hajmini 400 trillion so‘mga olib chiqib, sohada kamida 17 foiz o‘sishni ta’minlash topshirildi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun byudjetdan 40 trillion so‘m ajratilayotgani qurilish, qurilish materiali, metallurgiya va elektrotexnika korxonalari uchun katta bozor ekani qayd etildi.

Shu bilan birga, hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari nazoratini kuchaytirish, Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Farg‘onada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Energiya samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha ham aniq ko‘rsatmalar berildi.
Kichik va o‘rta korxonalarning yillik energiya iste’moli kattaligi hisobga olinib, bu toifadagi korxonalarda energiya samaradorlik bo‘yicha yangicha tizim joriy etilishi va uch yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. 2026-yilda kichik va o‘rta korxonalarda 100 million kub metr gaz va 500 million kilovatt-soat elektrni tejash choralarini ko‘rish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, respublikadagi 917 mingta yoritish chiroqlarining yiliga 330 million kilovatt-soat elektr sarflayotgani va kunduz kuni ham yoniq qolish holatlari uchrayotgani ko‘rsatilib, yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya hamda kun yorishishiga qarab, o‘zi o‘chib-yonadigan datchik o‘rnatishni boshlash topshirildi.
Yig‘ilishda davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, 300 trillion so‘mlik davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan bo‘lsa-da, Olmaliq kombinati, “O‘ztransgaz”, “Milliy elektr tarmoqlari”, “Uzbekistan Airports” va “O‘zbekiston havo yo‘llari” tizimlarida bu ko‘rsatkich 40 foizga ham yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, tadbirkorlar davlat xaridi, ekspertiza va sertifikatlash jarayonlarida byurokratiya ko‘pligi, ayrim rahbarlar esa “chet elniki sifatliroq” degan eski qarashdan hali ham voz kechmayotganini aytmoqda.
Endi vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar har bir loyihada muzokara, tender, qurilish hamda xomashyo ta’minotining barcha bosqichlarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirishga shaxsan javob berishi belgilandi.
Iqtisodiy o‘sishni tashqi bozorlar hisobidan ta’minlash masalasi yig‘ilishning alohida yo‘nalishi bo‘ldi.
Prezidentimiz “ichki bozordagi talabning o‘zi bilan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlab bo‘lmasligi”ni ta’kidlab, vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borish bo‘lishi zarurligini qayd etdi.
O‘tgan yili eksport 22 foizga o‘sib, 24 milliard dollarga yetgan bo‘lsa-da, ko‘p rahbarlar eksportda eskicha ish uslubidan voz kecha olmayotgani misollar bilan ko‘rsatib o‘tildi. Endilikda eksport bo‘yicha talab faqat hajm emas, balki yangi mahsulot va yangi bozorlar bo‘yicha ham bo‘lishi belgilandi.
Ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash, inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi omillarni oldindan aniqlab, amaliy yechim topish vazifalari ham belgilab berildi.
Yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etgani, inflyatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga, ayniqsa, 13 foizi go‘sht narxi hisobidan shakllangani qayd etildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markaziga inflyatsiya bo‘yicha ichki va tashqi xatarlarni oldindan aniqlab borish, har hafta tuman va shahar bozorlarini tahlil qilish, talab prognozini shakllantirish hamda har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhim ekani ta’kidlanib, dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Qishloq xo‘jaligida ham narx barqarorligini ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.
Go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash zarurligi qayd etildi. Muborak tumanida 5 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, makkajo‘xori ekish boshlangani namuna sifatida keltirildi. Joriy yil qo‘shimcha 60 ming gektarda shu ishlarni tashkil qilish topshirildi. Bu orqali qo‘shimcha 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi yaratilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘tgan yili 772 ming tonna kartoshka import qilingani qayd etilib, joriy yilda 4,5 million tonna kartoshka hosili olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kelgusi haftadan boshlanadigan muborak Ramazon oyi oldidan dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.