O‘tgan yili xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi

12

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ta’kidlandi.

Bundan tashqari, shu yilning o‘zida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million dollarlik investitsiya bitimlari imzolandi.

Vazirlar, tarmoq rahbarlari yoki hokimlar ushbu loyihalarning paysalga solinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Investitsiya ko‘paygani hisobiga qurilish ham oshadi. Mutasaddilarga bu yilgi qurilish hajmini 400 trillion so‘mga olib chiqib, sohada kamida 17 foiz o‘sishni ta’minlash topshirildi.

Joriy yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun budjetdan 40 trillion so‘m berilmoqda. Bu qurilish, qurilish materiali, metallurgiya va elektrotexnika korxonalari uchun katta bozor.

Lekin hududlardagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari qurilish sifati va samaradorligini nazorat qilishga ulgurmayapti. Shu bois, Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Farg‘onada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zA