Mutasaddilarga respublika sanoatini kamida 8,5 foizga o‘stirish bo‘yicha tarmoqbay va hududbay reja tasdiqlash vazifasi qo‘yildi
Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit resurslari ko‘payib bormoqda. Lekin hokimlar buning iqtisodiy o‘sishga, ish o‘rni va budjetga ta’sirini hisob-kitob qilmayapti.
Masalan, Tuproqqal’a, Kitob, Yakkabog‘ va Paxtachida ajratilgan kreditlar kamida 20 foiz oshgan bo‘lsa, sanoat o‘sishi 3 foiz ham bo‘lmagan.
Agar viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari mazkur korxonalarning muammosini eshitib, vaqtida yechim topganida respublika sanoatida qo‘shimcha 1 foiz, yalpi ichki mahsulotda 0,1 foiz o‘sish bo‘lardi, budjetga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushardi.
Bosh prokuraturaga so‘nggi uch yilda ishga tushgan, lekin past quvvatda ishlayotgan loyihalarni, ushbu korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan har bir masalani birma-bir o‘rganish topshirildi.
Umuman, mutasaddilarga respublika sanoatini kamida 8,5 foizga o‘stirish bo‘yicha tarmoqbay va hududbay reja tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Birinchi chorak yakuni bilan sanoat korxonalarida nechta masala aniqlanib, qanchasi hal qilinganiga qarab, iqtisodiy kompleks, tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlarining faoliyatiga baho berilishi qayd etildi.
O‘zA