Hududiy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha viloyat, tuman hokimlariga ham savollar ko‘pligi qayd etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
So‘nggi uch yilda jami investitsiyalar 1,8 barobarga ko‘paydi. Lekin ayrim tumanlarda investitsiyaning sanoatga ta’siri ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
Masalan, Karmanada investitsiya yiliga 50 foizdan o‘sib borgani bilan sanoati atigi 4 foiz oshgan. Xususan, faoliyat yuritayotgan 495 ta korxonadan 470 tasida rasmiy ishchilari 5 nafarga ham yetmaydi, faoliyat to‘xtagan deb hisobot topshirgan 20 ta korxona elektr va gazdan haligacha foydalanyapti.
Zafarobod tumanida ham shu ahvol. Investitsiya 4 barobar o‘sgan, lekin sanoatda o‘zgarish yo‘q.
Umuman, uch yilda respublika sanoati 21 foizga o‘sgan bo‘lsa, Xatirchi, Karmana, Uchqo‘rg‘on, Bag‘dod, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Uzun, Jarqo‘rg‘on, Yakkabog‘, Payariq, Mirzaobod va Zafarobodda bu ko‘rsatkich 10 foizga ham yetmagan.
Ushbu tumanlar joylashgan viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga 12 ta tumanga borib, bir oy shu yerda qolib ishlash, ishlab chiqarish pasaygan korxonalarni «oyoqqa turg‘azish», ushbu tumanlar sanoatida bu yil o‘sish sur’atini oshirish topshirildi.
O‘zA