Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish yoki qaysidir xarajatni keyinroqqa surish hisobidan bo‘lmasligi kerak

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

O‘tgan yilda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil qilinib, dunyodagi nufuzli «Franklin Templeton» kompaniyasi boshqaruviga berildi.

Ushbu kompaniya bir yil davomida strategik korxonalar faoliyatini tahlil qildi. Ekspertlar «korxona rahbarlarida korporativ madaniyat yetishmaydi, xarajatni qisqartirish, foydani oshirish bo‘yicha zaxira ko‘p», demoqda.

Buning uchun 19 ta strategik korxona rahbari xarid tizimi, logistika, raqamlashtirish, energiya samaradorlik bo‘yicha qattiq ishlab, tannarxni 10-20 foizga qisqartirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

– Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish yoki qaysidir xarajatni keyinroqqa surish hisobidan emas, balki bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish orqali ta’minlanishi shart, – dedi Prezidentimiz.

Strategik korxonalarni «Yagona g‘aznachilik» axborot tizimi bilan qamrab olish, barcha xaridlarni risk-tahlil asosida «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratib, samarasiz xarajatlarga butunlay chek qo‘yish muhimligi qayd etildi.

O‘zA