O‘zbekiston va BMT: amaliy hamkorlik aloqalari yanada kengaytiriladi

11

Oliy Majlis Senatiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan suhbat chog‘ida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi ishlar hamda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Senat va BMT tuzilmalari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan qo‘shma dastur va tashabbuslarni ilgari surish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot chog‘ida Osiyo ayollar forumi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti  rejalari, shuningdek, BMTning Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyasi sessiyalari doirasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha milliy va hududiy darajadagi mexanizmlarni takomillashtirish, mahalliy kengashlar faoliyatini institutsional rivojlantirish, deputatlarni o‘qitish va metodik qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA