Gao Syan: ”O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanayotgani davlat rahbarining qat’iy siyosiy irodasidan dalolat”

10

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Barcha yo‘nalishlardagi munosabatlar kengayib borayotgani har ikki davlatning o‘zaro ishonchli hamkorligidan dalolat berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov, shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlarining Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi a’zosi, Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy fanlar akademiyasi Prezidenti Gao Syan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda parlament faoliyati, qonun ijodkorligi sohasida joriy etilayotgan yangicha yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mehmon ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlar O‘zbekiston — Xitoy aloqalarining barcha darajada izchil rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi muntazam muloqotlar bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Gao Syanning qayd etishicha, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston mutlaqo yangi qiyofa kasb etdi. Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi, aholi farovonligining izchil oshib borishi, shuningdek, O‘zbekistonning nafaqat mintaqada, balki xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanib borayotgani davlat rahbarining qat’iy siyosiy irodasidan dalolat beradi. Ta’kidlanganidek, mazkur islohotlar davlat siyosatida inson manfaatlari ustuvor ekanini yaqqol namoyon etmoqda.

Shu bilan birga, delegatsiya rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Muzokaralar davomida Xitoy Kommunistik partiyasi XX s’ezdi IV Plenumining yakunlari hamda Xitoyning 15 yillik rejasi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, parlamentlararo va partiyalararo muloqotni chuqurlashtirish, kambag‘allikka qarshi kurash, korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar, raqamli va “yashil” iqtisodiyot sohalarida tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama formatlar, jumladan BMT, SHHT hamda “Xitoy — Markaziy Osiyo” doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

M.Komilova, O‘zA