Aholining tinch va osoyishta hayoti hamda mol-mulki daxlsizligini ta’minlash doimiy e’tiborda bo‘ladi

23

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda aholining tinch va osoyishta hayoti hamda mol-mulki daxlsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, ilg‘or xorijiy tajriba asosida zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri ham aynan shu sanaladi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yildagi tegishli farmon va qarori ijrosi doirasida Qo‘riqlash departamenti Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlari tizimiga o‘tkazildi.

Ushbu farmon va qarorda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida aniq rejalar ishlab chiqilib, tegishli choralar ko‘rildi.

Texnik qo‘riqlashni tashkil etish va aholiga texnik qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatishning yangi tizimlari joriy etildi.

Xususan, ko‘p qavatli uylarning yo‘laklariga “tashvish” tugmalarini o‘rnatish orqali qo‘riqlash naryadlarining qamrovi ostidagi xonadonlar soni keskin oshirildi, himoya orderi berilgan ayollarning xavfsizligini ta’minlash amaliyoti joriy etildi.

Ob’ekt va xonadonlarni qo‘riqlovga olish ishlarida ichki ishlar organlarining tegishli xizmatlari bilan hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Natijada qo‘riqlanayotgan ob’ektlarning soni yil davomida 99 foizga, qo‘riqdagi xonadonlarning soni esa 118 foizga oshdi. Texnik qo‘riqlash markazlarining soni 19 foizga, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tezkor harakatlanuvchi guruhlarning soni esa 15 foizga oshdi.

Davlatimiz rahbari xizmat binosi hovlisida xizmatda qo‘llanilayotgan maxsus texnika vositalari, dronlar manyovri, jamoat tartibini saqlashga jalb etiladigan transport vositalarini ko‘zdan kechirdi.

So‘ng qo‘riqlash texnika vositalarining ko‘rgazmali taqdimoti bilan tanishildi. Bu yerda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish va uni izchil rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha axborot berildi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yildagi tegishli qarori bilan belgilangan aniq mexanizmlar amaliyotga joriy etilishi natijasida respublika miqyosida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Ko‘rgazma maydonchasida yuridik va jismoniy shaxslarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o‘rnatilgan videokuzatuv tizimlari hamda turli xil kameralarning real vaqtda ishlash jarayoni namoyish etildi, ularning texnik imkoniyatlari tushuntirildi va amaliy tavsiyalar berildi.

Taqdimot doirasida aylanma kameralar, yuz qiyofasidan shaxsni aniqlovchi kameralar hamda davlat raqam belgisini aniqlovchi kameralarning imkoniyatlari ko‘rsatildi. Ushbu texnik vositalar mahallalar, jamoat joylari, ob’ektlar, ta’lim muassasalari, shuningdek, shahar va tumanlarning kirish-chiqish nuqtalariga o‘rnatilmoqda.

Bugungi kunda barcha hududiy ichki ishlar boshqarmalarida sun’iy intellekt asosida hududlarni onlayn kuzatish, tezkor qidiruv ishlarini olib borish, kuch va vositalarni boshqarish hamda jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etishga xizmat qiluvchi “Qalqon” axborot tizimi to‘liq ishga tushirilgan.

Davlatimiz rahbari ichki ishlar va qo‘riqlash xizmati ishlarni mahalladan boshlashi, xonadonlarning holatini o‘rganib, ularning xavfsizligini ta’minlashi zarurligini alohida ta’kidladi. Toshkent megapolis shahar ekanini inobatga olgan holda, qonunbuzarlik va jinoyat omillarini muntazam tahlil qilish kerakligiga e’tibor qaratdi.

“Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida yagona platforma, 13 ta ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, yagona elektron xarita, 42 ming 750 ta intellektual kamera hamda 17 ta yong‘in xavfsizligi monitoringi tizimi faoliyat yuritmoqda. Ushbu tizimlar konsepsiyaning asosiy tarkibiy qismini tashkil etadi.

Joriy yilda ham vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda intellektual transport tizimlari, avtoturargohlarni boshqarish, ekologik va seysmologik monitoring, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish tizimlarini joriy etish va integratsiyalash ishlari davom ettirilayotgani ma’lum qilindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi va davlat organlarining “Xavfsiz shahar” yagona platformasi texnik imkoniyatlaridan uyg‘un foydalanishi natijasida bir necha yuz milliard so‘m byudjet mablag‘lari tejalayotgani qayd etildi. “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi xalqaro darajada ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Shu bilan birga, yaratilgan shart-sharoitlar natijasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Raqamlashtirish departamenti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino qurilishi boshlangani ma’lum qilindi. Yil yakuniga qadar tarmoq qamrovini yanada kengaytirish, sun’iy intellekt asosida kamida to‘rtta yangi tizimni platformaga ulash hamda raqamlashtirish darajasini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz hozirgi kunda jinoyatchilik shakllari va omillari o‘zgarayotgani, ammo ularga mos tizim va choralar yetarli emasligini qayd etdi. Ayniqsa, kiberxavfsizlik yo‘nalishida jinoyatlar ko‘payib borayotgani va ushbu xavflarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar jadallashtirilmasa, aholi uchun jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Bu borada salohiyatli kadrlar yetishmasligi asosiy muammo ekani, bank va ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularni muntazam o‘qitishga alohida e’tibor qaratish zarurligini bildirdi. Shuningdek, videokuzatuv tizimlarini joriy etishda ularni o‘rnatadigan va samarali boshqaradigan mutaxassislarni tayyorlash, davriy o‘quvlarni tashkil etish muhim ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Toshkent shahrida tashkil etilgan “Xavfsiz ko‘cha”, “Xavfsiz yo‘lak” hamda gastronomik yo‘laklarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan ham tanishildi.

Tashrif davomida qo‘riqlash xizmati xodimlarini soha bo‘yicha o‘qitish jarayoni, profilaktika inspektorlari bilan o‘tkazilayotgan amaliy mashg‘ulotlar ko‘zdan kechirildi.

Davlatimiz rahbariga Situatsion markaz faoliyati taqdimoti orqali xavfsizlikni ta’minlashda zamonaviy boshqaruv va monitoring tizimlarining o‘rni haqida ma’lumot berildi.

Situatsion markaz qo‘riqlash xizmatining bo‘linmalari harakatlarini nazorat qilish, monitoringini yuritish, tezkor va favqulodda vaziyatlarda qo‘riqlash xizmati kuch vositalarini boshqarish, yo‘naltirish va onlayn kuzatish maqsadida tashkil etilgan.

Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahri respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaganini, bir so‘z bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, qayerda hayot yaxshilansa, daromad ko‘paysa, o‘sha yerda “yengil pul topish” harakatida bo‘lgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo bo‘ladi.

Lekin huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Poytaxtning huquq-tartibot idoralari rahbarlari respublikaga namuna bo‘lmayotgani, buning uchun poytaxtda resurs ham, kuch-vositalar ham, ilmiy salohiyat ham yetarli bo‘lishiga qaramasdan, haligacha eski “qolip”dan chiqib keta olmayotgani tanqid qilindi.

Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy bo‘g‘in – mahalla profilaktikasi. Biroq Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi to‘g‘ri tashkil etilmagani uchun muammolar to‘planib qolgani qayd etildi.

Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik, bezorilik bo‘yicha, Yunusobod bosqinchilik bo‘yicha birinchi o‘rinda. Yoki o‘tgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng ko‘p bo‘lgan.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i R.Sultonxo‘jayev, Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi A.O‘rmonovga “hayfsan” berilib, olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.

Yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralarining hamkorligi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga mas’ul o‘rinbosarining tizimni raqamlashtirish bo‘yicha ishlarida hali sezilarli natija ko‘rinmayotgani tanqid qilindi. Vazirlikdagi kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining ishi sustligi qayd etildi.

Prezidentimiz narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurash bo‘yicha narkokanallarning oxirgi manbasi va homiylarigacha yetib borish uchun mas’ullarda qat’iyat yo‘qligini tanqid qildi.

Chet elga borib olib, uyushgan jinoiy guruhlar tashkil qilgan, u yerda o‘zimizning fuqarolarni ham talayotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yishdagi sustkashliklar qayd etildi.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani ta’kidlandi. Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni byudjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygan.

Ushbu yo‘nalishlarga javobgar bo‘lgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev ishdan olindi.

Davlatimiz rahbari “O‘zbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida milliardlab so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma’lum qildi.

Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborgan. Shu bois, agentlik direktori A.Ortiqov ishdan olindi.

Yaqinda Administratsiya va davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Qisqa muddatda byudjetga tushum, talon-toroj, moliyaviy kamchiliklar bo‘yicha 53 trillion so‘m va tashqi savdo operatsiyasida 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik aniqlangani o‘ta ayanchli holat ekani qayd etildi. Korrupsiyaviy sxemalar bo‘yicha 4,2 trillion so‘m zarar aniqlanib, 1,3 trillion so‘mi undirildi, 55 nafar shaxs qamoqqa olindi.

Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari B.Abdullayev va departament boshlig‘i R.Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun mas’ullar faoliyatini ham tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani qayd etildi.

Mas’ul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha jilovni qo‘lga olishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, jarayon birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanadi. Jumladan, xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi.

Prezidentimiz yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.

Tumanda jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi. Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tunu kun uch smenali xizmat rejimiga o‘tadi. Patrul guruhlariga huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi.

Tumandagi 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda o‘z boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega bo‘ladi, mustaqil qaror qabul qiladi va mas’uliyatni ham to‘liq zimmasiga oladi.

Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga bazaviy hisoblashning 5 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi.

Ilg‘or tajriba asosida aholi gavjum joylarda dron yordamida patrullik kuzatuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Chilonzor tumani ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qat’i nazar, fuqaro murojaatini qabul qiladi, ko‘chada formali xodimga qilingan murojaat “102”ga xabar bergan bilan teng bo‘ladi.

Tumandagi barcha 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bog‘lanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Ya’ni profilaktika inspektori qayerda bo‘lmasin, aholi uni qo‘l telefoni va planshetiga tunu kun bog‘lanishi mumkin bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari narkojinoyatlarga qarshi kurash masalasiga alohida to‘xtaldi.

Sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilib, to‘lov kriptovalyutada bo‘layotgani, narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, qonunchilikda davlat organlarining bu boradagi vazifalari ham aniq ko‘rsatilmagan. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi. Endilikda agentlikning mas’uliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baholash vakolati beriladi.

Mutasaddilarga transchegaraviy va virtual maydonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Ichki ishlar vazirligida uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha alohida xizmat tashkil qilinadi.

O‘tgan yili poytaxtda ushlangan uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida 259 nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar va sportchilar bo‘lgani o‘ta tashvishli hol ekani qayd etildi.

Sportchilarning aksariyati ko‘cha bezorisiga aylanib ketayotgani, joylarda pul uchun yashirin janglar tashkil qilish holatlari ko‘paygani qayd etildi. Mutasaddilarga bu yo‘nalishda nazoratni ta’minlash, jangovar sport turlari bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni kasbga o‘qitib, salohiyatiga mos ish bilan band qilish tizimini yaratish topshirildi.

Bugun turli radikal va ekstremistik g‘oyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinyapti. Faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Bundan buyon poytaxtning har bir tumanida “Qaytaruv guruhlari” faoliyati doimiy asosda tashkil qilinadi.

Kiberjinoyatlar kundan-kunga ko‘payib, uning turlari 18 tadan 62 taga chiqdi. Ayniqsa, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, sun’iy intellekt orqali ovoz va yuz qiyofasini o‘xshatish, zararli fayllarni tarqatish avj olyapti. O‘zlashtirilgan mablag‘lar kriptovalyuta shaklida chetga chiqarilmoqda.

Bularni tezkor fosh etish va to‘xtatish uchun huquq-tartibot xodimlari kibertexnologiyalar va sun’iy intellektni mukammal egallashi lozimligi qayd etildi.

Shu bois, Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil qilinadi va unga vazirning o‘zi mas’ul bo‘ladi. Adliya vazirligida kiberjinoyatchilik va raqamli huquq bo‘yicha alohida boshqarma ochiladi.

Kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish, malakali va fidoyi kadrlarni rag‘batlantirish doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

Shu bois, profilaktika inspektorlarini yanada qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi obro‘sini oshirish bo‘yicha qator yangiliklar e’lon qilindi.

Jumladan, joriy yil 1 iyuldan poytaxtdagi profilaktika xodimlariga aynan shu sohadagi ko‘p yillik staji uchun 5 million so‘mgacha oylik ustama beriladi. 1 fevraldan yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlar tizimiga ishga kirganlarning oliygohda o‘qigan davri ham ish stajiga qo‘shiladi. Viloyatdan kelib, poytaxt ichki ishlar idoralarida ishlayotgan xodimlarning uy ijarasi uchun  oylik to‘lov 1,8 million so‘mdan 3,1 million so‘mga oshiriladi. Ichki ishlar xodimlari uchun qurilayotgan uylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga beriladi.

Mutasaddilarga ichki ishlar organlarining aholi bilan bevosita ishlovchi, jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi tuzilmalarini yangi tizimga o‘tkazish bo‘yicha farmon loyihasini kiritish topshirildi.

Ushbu bo‘linmalar uchun xizmatni o‘tash, muomala madaniyati, tezkor harakatlanish, kuch va qurol ishlatish bo‘yicha yagona standartlar joriy etilib, ular servis tuzilmaga aylanishi belgilandi.

Adliya tizimini ham kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada birinchi qadam sifatida Adliya vazirligi tomonidan huquq-tartibot idoralarining faoliyatini “huquqiy audit”dan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. “Huquqni muhofaza qilish faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, adliya organlarining aniq roli, yangi vazifa va vakolatlari belgilanadi.

Davlatimiz rahbari muhokama qilingan boshqa sohalarda ham mavjud qonun hujjatlarini takomillashtirish, yangilarini qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga javobgarlik choralari belgilandi, ularga nisbatan qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Yig‘ilishda huquq-tartibot idoralari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA maxsus muxbirlari