Shu yildan boshlab narko ekspress-testlardan ommaviy foydalanishga o‘tilishi belgilandi

O‘tgan yilda poytaxtda 1,5 mingdan ortiq narkotikka ruju qo‘yganlar rasman ro‘yxatga olingan. Eng achinarlisi, “soya”da bo‘lgan giyohvandlarning soni bundan ham ko‘p. Ularning aksariyati yoshlar.
Ular narkotik uchun oyiga o‘rtacha 20-25 million so‘m sarflayapti. Giyohvand mablag‘ topish ilinjida jinoyatga qo‘l urishi tabiiy. O‘tgan yili respublika bo‘yicha 64 nafar shaxs giyohvand modda ta’sirida jinoyat qilgan, uning uchtadan bittasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Shu yildan boshlab narko ekspress-testlardan ommaviy foydalanishga o‘tilishi belgilandi.
Giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarida rahbarning alohida o‘rinbosari bo‘ladi.
Hokim, oliygoh rektori, texnikum va maktab direktorining o‘rinbosarlaridan biri bu yo‘nalishga mas’ul etib belgilanadi.
Giyohvandlarni davolashga eng kamida to‘rt oy vaqt talab etiladi. Mutasaddilarga xususiy sheriklik asosida aholiga narkologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
O‘zA