Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi
Toshkent shahri misolida aytilgan barcha masalalar butun respublika huquq-tartibot idoralariga birdek tegishli ekani qayd etildi.
Mas’ul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha jilovni qo‘lga olib, xodimlarining dunyoqarashini o‘zgartirsa, ularni yangicha ishlashga o‘rgatsa, shunda natija bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun ushbu 4 ta yo‘nalish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanadi.
Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi. Har bir vazir bittadan tumanga biriktiriladi. Masalaning muhimligini inobatga olib, Prezident Administratsiyasi vakili ham bitta tumanga biriktiriladi.
Huquq-tartibot oliygohlari quyidagi muammolarni ilm bilan hal qiladi va metodik tavsiyasini tumanda joriy etadi. Oliygoh kafedralari olti oy davomida mahallaga tushib, “mahalla yettiligi” va huquq-tartibot xodimlarini yagona dastur bo‘yicha o‘qitadi.
Huquq-tartibot oliygohlari 3-4 kurs talabalari ham dual ta’lim asosida profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot o‘taydi.
Yangi tizim asosida xavfsiz muhit poytaxtga tutash bo‘lgan va kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatadigan Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida ham yaratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
O‘zA